TOShKENT, 18-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda kadastri bo‘lmagani uchun yer solig‘i 3 karra miqdorda hisoblanishi to‘xtatib turiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda yana bir muammoga to‘xtalib o‘tildi – 2 million 600 mingta aholi xonadonlarining kadastr hujjatlari yo‘q. Ushbu aholi tomorqa uchun kredit, subsidiya hamda uy-joyini kengaytirishga ipotekadan foydalana olmayotgani haqida Xalq qabulxonalariga murojaatlar tushmoqda.
Ta’kidlanishicha, ustiga ustak, kadastri bo‘lmagani uchun yer solig‘i 3 karra miqdorda hisoblanmoqda.
Shu bois Adliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Kadastr agentligiga bir hafta muddatda ishchi guruhlarini shakllantirib, ishlarni boshlash topshirildi.
Ishchi guruhlari:
1 oktabrga qadar mahallabay kadastr hujjati bo‘lmagan xonadonlarning elektron ro‘yxatini shakllantiradi;
uy-joyga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishga asos bo‘luvchi hujjatlarni to‘playdi va elektron bazaga kiritadi.
Mutasaddilarga respublikaning barcha hududlarida kadastri yo‘q xonadonlar masalasini uzil-kesil hal qilish uchun alohida qonun loyihasini ishlab chiqib, muhokamaga kiritish vazifasi qo‘yildi.
Yangi qonun qabul qilinguniga qadar bu uy-joy egalariga uch karra oshirilgan soliq qo‘llash to‘xtatib turishga qaror qilindi.