TOShKENT, 17-iyul — Sputnik. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov "Zamon.uz"ga bergan intervyusida koronavirusning kentavr varianti va uning tarqalish tendensiyasi haqida ma’lumot berdi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bu ham omikron shtammining bir turi. Kasallikning qanday nomlanishi juda katta ahamiyatga ega emas, bularning bari koronavirus.
"Kentavr shtammining yuqish tendensiyasi bir muncha yuqori. Bir vaqtning o‘zida juda ko‘p odamlarni kasallantirishi mumkin. Hatto omikronning boshqa turi bilan kasallangan odam ham ushbu virusni yuqtirib olyapti", — deydi Otabekov.
Raqamlarga murojaat qilinsa, kasallikning kechishi deyarli hammada bir xil. 98 foiz holatda kasallik yengil kechapti. Unga qarshi emlanganlarda asoratlarsiz o‘tapti.
Otabekov "kentavr" O‘zbekistonga allaqachon kirib kelgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmadi:
"O‘zbekiston fuqarolari hozir dunyoning xohlagan nuqtasida bo‘lishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan virus kasallikning yashirin davrida O‘zbekistonga kirib kelgan bo‘lishi mumkin", - deydi u.
Koronavirus odamlarni kasallagandan beri salkam 17 mingta mutatsiyaga uchragan variantlari paydo bo‘lgan, hammasiga ham vaksina ishlab chiqarishga ehtiyoj yo‘q. Mavjud vaksinalar, buster doza bilan emlanishning o‘zi kifoya qiladi.