TOShKENT, 16-iyul — Sputnik. Korrupsiyaga qarshi standartlarni o‘z tizimida joriy etayotgan 24 ta tashkilot eksperiment tariqasida baholandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi baholashni 29 ta maxsus indikatorlar asosida “E-Anticor.uz” elektron platformasi orqali amalga oshirdi.
Unga ko‘ra, davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholandi.
“ 3 ta tashkilot faoliyat samaradorligi “yaxshi” – 81 balldan 100 ballgacha, 10 ta tashkilot faoliyati “qoniqarli” – 55 balldan 81 ballgacha va 11 ta tashkilotning ushbu yo‘nalishdagi faoliyati “qoniqarsiz” – 55 balldan past toifalarga ajratildi”, deyiladi xabarda.
1-guruh – faoliyati “yaxshi” deb topilgan tashkilotlar
Davlat bojxona qo‘mitasi;
Davlat soliq qo‘mitasi;
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi.
2-guruh – faoliyati “qoniqarli” deb topilgan tashkilotlar
Adliya vazirligi;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi;
Maktabgacha ta’lim vazirligi;
Transport vazirligi;
Davlat statistika qo‘mitasi;
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi;
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi;
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi;
Toshkent shahar va Toshkent viloyat hokimliklari.
3-guruh – faoliyati “qoniqarsiz” deb topilgan tashkilotlar
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi;
Xalq ta’limi vazirligi;
Qurilish vazirligi;
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi;
Moliya vazirligi;
Sog‘liqni saqlash vazirligi;
Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi;
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi;
Kadastr agentligi;
Bo‘ka va Mirzo Ulug‘bek tumani hokimliklari.
“Reyting baholash natijalari u yoki bu tashkilot (soha)ni korrupsiyalashgan yoki korrupsiyadan xoli degan fikrni bermaydi”, deyiladi xabarda.
Baholash yakunlari bo‘yicha yaxshi deb topilgan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi.
Qoniqarlilarning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar kiritiladi.
Qoniqarsiz deb baholangan tashkilotlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi.
Qolaversa, bu bo‘yicha tegishli rahbarlarning hisobotlari har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning yig‘ilishlarida eshitib boriladi.