Kutilganidek, bu AQSh prezidenti o‘g‘lining ta’mir paytida unutib qoldirilgan va ichida Amerikaning birinchi oilasiga nisbatan tonnalab kompromatlar bo‘lgan afsonaviy noutbuki bo‘ldi. Noutbukning haqiqiyligini yaqinda, hatto demokratlar uchun ishlaydigan OAVlar ham tasdiqlashdi. Bungacha esa ular ikki yil davomida “hammasi yolg‘on” deb kelishayotgan edi.
Nashavand, piyonista, poraxo‘r, xotinboz, porno va fohishalarga mukkasidan ketgan zamonaviy rassom- aftidan Xanter Bayden haqida hammasini biladigandekmiz. Ammo, yo‘q, uning noutbukidan yana ko‘plab va ko‘plab haqiqatlar oshkor bo‘lmoqda. Xanterning sarguzashtlari Amerika ommasini befarq qoldirmayotgani, balki chinakamiga hayratga solayotganini kuzatish qiziq. Bu amerikaliklarni millat sifatida ancha yaxshiroq tavsiflab beradi.
Masalan, kichik Baydenning Ukrainadagi biolaboratoriyalar va u yerda eng xavfli viruslar uchun sarmoya kiritish haqidagi yozishmalari juda hayratlantirgani ham yo‘q. Bu laboratoriyalarda nimalar bilan shug‘ullanishgan, u yerda baxtsiz ukrainlarning ustidan qanday xavfli kasalliklarni tajriba qilishgan, nega unga Xanter million dollarlab (xususan Pentagondan ham) pullar yo‘naltirgan va u yerda yana qanday kasallikni dunyoga qaytarmoqchi bo‘lishgan? Bu savollar butun sayyorani tashvishlantirapti, faqat AQShni emas. Qo‘ysangizchi, Amerikaning namunali oilasidan chiqqan bola Ukraina taraflarda nima ham qilishi mumkin?
Ammo, yalong‘och Xanterning miltiq bilan qandaydir yalong‘och qiz bilan birga aylanib yurgan videosi ommaning g‘azabini keldirdi.
Gap shundaki, katta Bayden a’zo bo‘lgan demokratik partiya qurollar sotishni taqiqlash va cheklash bo‘yicha juda ko‘p gapiradi. Qachonki, ommaviy otishmalar bo‘lsa (so‘nggi paytlarda esa bunday otishmalar bir kunda ikki uch marotaba sodir bo‘lmoqda), demokratlar dod-voy marosimlarini boshlab qolishadi.
Va bu paytda esa kichik Bayden muntazam pistoletlar xarid qilaveradi -(hatto bu borada uning sobiq rafiqasi xotira kitoblarida shikoyat qilib o‘tgan)- ma’shuqalari bilan maishatini tasvirlarga oladi. Juda xunuk. Qurollarni sotish mavzusi yuragiga qadaladigan respublikachilar ham, va kichik Baydenning otasiga va demokratik partiyaga pand berayotganidan demokratlar ham --hamma birdek g‘azabga kelgan.
Biroq, Bayden noutbukining eng janjalli, eng og‘riqli va eng jirkanch narsalari uning narkotiklari ham, pistoletlari ham yoki maishati ham emas. Amerikaliklarni pul ko‘proq qiziqtiradi. Kichik Bayden o‘zining bo‘ronli va suronli hayotida davomida bir necha bor kasodga uchragan, hatto qizining kollej uchun yig‘ib qo‘ygan pullarini ham sovurgan. Ammo u har safar xuddi o‘tda yonmas, suvda cho‘qmas qaqnus kabi yana o‘zini tiklab olgan va minglab dollarlab pullarini narkotiklar va fohishalarga sovurgan.
Yigirma yil ichida Xanterning qo‘lidan o‘nlab million dollarlar o‘tgan. U nima uchun va kimdan bu pullarni olgan? Qandaydir qismini otasiga berganmi? O‘g‘lining pullarini to‘lash uchun otasi senatorlik, bosh vazirlik keyin AQSh prezidenti maqomidan foydalanganmi? Va “Jim amaki” - prezidentning ukasi bu ishlarda ishtirok etganmi?
Yo‘q, yo‘q, albatta, bu nima deganingiz axir, “AQShda korrupsiya yo‘q”. Biz o‘ttiz yildan beri mana shu cho‘pchakni eshitib kelyapmiz. Korrupsiya? Bu Sasha Baron Koen o‘z filmlarida masxara qiladigan qandaydir yovvoyi millatlarda bor. AQShda bu “lobbizm” yoki “yuridik xizmatlarni ko‘rsatish” yoxud “biznes rivoji yo‘lida yordam” dep ataladi. Korrupsiya esa u yerda yo‘q ekan.
Shunga qaramay, Baydenlar atrofida shunday begonashaluv zonasi shakllanyaptiki, u yerda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Yo‘q, hali lan’ati so‘z “pora” haqida hech bir sas yo‘q, ammo hammasi asta-sekin shunga qarab ketapti.
Xanterning sobiq rafiqasi Keytlin Bulening “If We Break” (“Agar biz ajrashsak”) xotira kitobi bu borada birinchi qaldirg‘och bo‘lgan. Kitobda Keytlin Xanterning AQSh soliq xizmatidan qarzi bo‘lgani, u qandaydir yo‘l bilan bu masalani hal qilgani, va shu bilan bu mavzu unutilgani haqida ehtiyotkorlik bilan sha’ma qilib o‘tgan.
Bu millionlab amerikaliklar uchun eng og‘riqli mavzu. Oddiy amerikalik fuqaro har yerda uchraydigan soliqchilardan qiyomat kuni bo‘ladigan savol-javobdan qo‘rqqandek qo‘rqadi, va mana shunday eng xavfli sohada qalang‘i-qasang‘i erkatoy boyvochchalarga hamma narsa mumkinligini ko‘rsa, g‘azab otiga minadi. Ommaviy g‘azab tufayli Delaver shtati federal prokurorlari Xanter Baydenning soliq o‘yinlari ustidan tergov boshlashga majbur bo‘lishdi.
Qizig‘i shundaki, Delaver shtati- AQShning yuragidagi klassik ofshor. Bu yerda dunyoning eng boy korporatsiyalari o‘z boyliklarini soliqlardan yashiradi. Tergov hamon cho‘zilmoqda. Pul aralashishlari va chet el manfaatlarini lobbi qilish haqida ham gapirilgan. Ammo natija yo‘q.
Ammo buyog‘i yanada qiziq. O‘sha noutbukdan katta Baydenning 2018-yilning dekabrida o‘g‘liga yuborgan ovozli xabari topildi. Mo‘ysafidning duduqlanib yozgan xabarida muhabbat va mehr seziladi. U Xanterni “Nyu- York Tayms” gazetasida tergov boshlangani haqida xabar chiqishi, va bundan tashqari, maqola “yaxshi” bo‘lgani haqida mehr bilan ogohlantiradi. “Menimcha, endi sen tozasan, - demoqda Jo Bayden.- Imkon bo‘lganda menga qo‘ng‘iroq qil, seni yaxshi ko‘raman”.
“Endi sen tozasan” degani oldin nimadirlar notoza bo‘lganini anglatadi. Jurnalistlar esa buni aniqlashishi mumkin edi. Va chindan ham “Nyu-York Tayms”ning 2018-yil 12-dekabridagi maqolada Xanter Bayden va xitoylik biznesmen Patrik Xor bilan aloqalari haqida so‘z yuritilgan. Biroq, maqola mualliflari asosiy e’tiborni Xanterdan olib qochgan, va u suvdan quruq chiqqan. Uning Xo bilan hamkorligi tafsilotlari yaqinda ma’lum bo‘lgan.
Aniqlanishicha, Patrik Xo Xanterga o‘sha biz aytgan “yuridik xizmatlar ko‘rsatilishi uchun” million dollar o‘tkazib bergan. Ammo u yerda qnday xizmatlar bo‘lishi mumkin? Xanterni advokat rolida tasavvur qilish juda kulguli. Narxi ham juda osmonda. AQSh bosh vazirining o‘g‘li xitoylikning ayblarini yopmoqchi bo‘lgandek taassurot uyg‘onadi. Shuningdek, Xoning 2017-yil Kennedi aeroportida federallar tomonidan hibsga olinishidan darhol Jeyms Baydenga- o‘sha “Jim amaki”ga qo‘ng‘iroq qilishi ham o‘ylashga majbur qiladi.
New York Post gazesati ma’lumotlariga ko‘ra, uning otasi Jo va Jim amakisi Xo bilan neft sohasida ko‘p millionli qo‘shma hamkorlik yaratgan. “o‘n foizi Katta yigitga o‘tadi”, - deb xitoylikni ogohlantiradi Xanter elektron yozishmalarda. “Katta yigit”- bu AQShning bo‘lajak prezidenti Jo Bayden. Mana shunday ajoyib holat, xullas.
Xitoyliklarning Xanterni kechki ovqat, qizlar va poralar bilan erkalatishi- amerikaliklar uchun yangilik emas. Bir marta hatto unga ulkan brilliant ham sovg‘a qilishgan. Ammo katta Baydenning sodir bo‘layotgan voqealardan nafaqat yaxshigina xabardor bo‘lgani, balki bu jinoiy sxemalarda faol ishtirok etishganini ommaga birinchi bor oshkor qilishmoqda.
Amerikancha poraxo‘rlikning sodda qiyofasi kishini hayratga soladi. Qimmatbaho kiyim, qimmatbaho spirtli ichimliklar, xonimlar, narkotiklar, pistoletlar, o‘sha jirkanch brilliant. Bularning hammasi hayratlanarli emas: Baydenlar oilasi bilan shug‘ullunganga qadar, Patrik Xo, amerikalik maxsus xizmatlar fikriga ko‘ra, Afrika mamlakatlari rahbarlariga ko‘p pora berib kelgan. Shu sababli ham unga AQShda hukm o‘qishgan. Stil chindan ham tanish. Ularning o‘zi ovqatlana olmaydiyu, ammo har doim Rossiyadagi poraxo‘rlik bilan kurashadi.
Ammo bu kam. O‘z pornoroliklaridan birida Xanter fohishaga Patrik Xo bilan biznesi haqida so‘zlab beradi va uni “asosiy ahmoq josus” (fucking chief spy) deb ataydi. Tushunarliki, biznesmen rasman bunday ishlar bilan shug‘ullanmagan. Biroq, beixtiyor shunday taxmin kelib chiqadiki, Xo Xitoyning tergov organlari bilan loqasi bo‘lgandek. XXR maxsus xizmatlari yetakchi xitoylik biznesmenlar, ayniqsa, xalqaro loyihalar olib boradiganlar bilan ancha apoq-chapoq ishlashadi, bu ular uchun aslida oddiy amaliyot.
Xo‘sh, unda nima kelib chiqapti? Bo‘lajak AQSh prezidentining oilasi arzimagan narx tufayli XXR razvedkasiga ishlaganmi? Axir bu shunchaki poraxo‘rlik emas- bu davlatga xiyonat deganiku.
“Kani isbot-dalillaringiz?” - iddao qilishmoqda demokratlar. Ammo asosiy isbot ko‘z o‘ngimizda turibdi. Baydenlarning Xitoyga nisbatan siyosati- Donald Trampning savdo-sotiq urushlariga qarshi olib borgan shafqatsiz va ishonchli janglarining tamomila aksi. Hozir Vashington ma’muriyati tillariga erk beradi, XXRni yomonlaydi, Tayvanda mojarolarni alangalatishga harakat qiladi. Biroq, aslida biznes qanday bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham shunday davom etapti. Qo‘shma loyihalarda esa amerikalik oligarxlarning oshig‘i olchi.
Fosh etuvchi ma’lumotlarning yangi porsiyasidan ma’lum bo‘ladiki, Xanter Bayden XXRda Google korporatsiyasi birinchi shaxslarining manfaatlarini qo‘llagan. Ular, darvoqe, Vashington ma’muriyatida anchadan beri asosiy rolni o‘ynashmoqda. O‘sha Erik Shmidt siyosat Olimpiga Obama davrida chiqqan edi va u yerda Bayden davrida ham ishlashni davom ettirapti. U yaratgan Google ikki yil davomida Bayden oilasining kirdikorlarini qidiruvlarda yolg‘on sifatida belgilab kelgan. Beixtiyor savol tug‘iladi: hukmdorning ustidan kim hukmronlik qilyapti? Baydenning o‘zi qaror qabul qiladimi, yoki amerikalik oligarxlar to‘dasi aytib turadimi nima qilishni?
AQShning respublikachi saylovchilari Amerika prezidentining butun oilasi bilan xitoyliklarga sotilganiga ishonib kelgan. Bugun bu mavzu aniq ayblovlar darajasida ko‘tarilmoqda. Bu yerda surbetlarcha poraxo‘rlik ham, Xitoy maxsus xizmatlari bilan ehtimoliy hamkorlik ham bor. Baydenlarga savollar ko‘paymoqda.
Aftidan, agar Xanterning ishini chindan ham jiddiy ko‘rib chiqishsa, demokratlar noyabrdagi saylovlarda shunchaki yutqazibgina qo‘ymaydi. Ular osonlikcha o‘z prezidentlarini yo‘qotib qo‘yishlari mumkin.