TOShKENT, 16-iyul — Sputnik. FVV Qozog‘istonda sodir bo‘lgan YTH yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Bugun Qozog‘iston Karaganda viloyati Shetskiy tumanida MAN yuk mashinasi va “Mercedes-Benz Sprinter” yo‘lovchi mikroavtobusi to‘qnashishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani haqida xabar berildi.
“O‘rganish natijalariga ko‘ra, “Mercedes-Benz Sprinter” mikroavtobus salonida bo‘lgan 18 nafar yo‘lovchilardan 8 nafari Qozog‘iston fuqarolari voqea joyida vafot etgan, halok bo‘lgan fuqarolarning shaxsiga aniqliklar kiritilganida ular orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q ekanligi aniqlandi.
Shuningdek, 10 nafari turli darajalarda tan jarohati olgan, ularning 5 nafari O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib, ayni vaqtda ularga Aksu-Ayuli qishloq kasalxonasida malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Ulardan 1 nafariga ambulator davolanish uchun ruxsat berilgan.
Avvalgi berilgan birlamchi shoshilinch xabarda 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi xalok bo‘lganligi aytilgan edi. Qozog‘iston mas’ul xizmatlari tomonidan mukammal o‘rganilib, fuqarolarning shaxsiga aniqliklar kiritilganda xalok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligi ma’lum bo‘ldi”, - deyilgan FVV bayonotida.