Xorijdan o‘qishni ko‘chirish uchun arizalar qabuli boshlandi

Bugundan boshlab talabalar o‘qishni ko‘chirish uchun Davlat test markaziga onlayn ariza yuborishlari mumkin bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. Davlat test markazi xorijdan o‘qishni ko‘chirish uchun talabalardan arizalarni onlayn qabul qilishni boshladi.
Arizalar my.dtm.uz saytining "O‘qishni ko‘chirish (xorijdan)" bo‘limi orqali amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, arizalarni qabul qilish 15-iyuldan 5-avgustga qadar davom etadi.
"Xorijiy davlatlardan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tish ballari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlangan. O‘tish ballari bilan info.edu.uz sayti orqali tanishish mumkin", deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, talabalar o‘qishini xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, bu yildan O‘zbekiston hududida ta’lim olayotgan faqat 2 toifadagi talabalarga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat beriladi. Unga ko‘ra, talabalar turmush qursa yoki davlat xizmatchisining ishi boshqa joyga o‘tsagina o‘qishini ko‘chirishi mumkin bo‘ladi.