TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. Nyu-Yorkda AQShning sobiq prezidenti Donald Trampning birinchi rafiqasi Ivana 73 yoshida vafot etdi. Bu haqida Oq uy sobiq rahbarining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi xabariga tayanib RIA Novosti ma’lum qildi.
"U Nyu-Yorkdagi uyida vafot etdi. U ajoyib va ilhomlantiruvchi hayot kechirgan, go‘zal va aql bovar qilmaydigan ayol edi", deb yozgan Tramp.
Sobiq fotomodel 1949-yilda Chexoslovakiyada tug‘ilgan. U 1977-yilda Donald Trampga turmushga chiqdi va ular 1992-yilda ajrashishdi. Er-xotinning uchta farzandi bor. Ular kichik Donald, Ivanka va Erik.
Ivana bolaligidan chang‘i sporti bilan shug‘ullangan. Tramp bilan turmush qurgach, u tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni boshlagan. Qolaversa, televideniyeda chiqish qilar va kitoblar yozar edi.