TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov davlat tashrifining ikkinchi kuni Samarqand shahriga keldi.
Serdar Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Sharq durdonasi - qadim va betakror Samarqand shahrining ulug‘vor me’moriy obidalari bilan tanishadi.
Ikki prezidentning Samarqandga tashrifi Islom Karimov maqbarasi ziyoratidan boshlandi.
Shuningdek, Turkmanistonlik mehmonlar Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasini borib ko‘rishdi.
“Ushbu majmua buyuk olim qurdirgan rasadxona yonida tashkil etilgan. Muzey ikki zal va olti bo‘limdan iborat. Undan Mirzo Ulug‘bek davriga oid yuzdan ziyod ashyolar, kitoblar, qo‘lozmalar, asl nusxadagi kvadrant asbobi o‘rin olgan”, deyiladi xabarda.
O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Amir Temur maqbarasini ham ziyorat qildi.
Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi yakunlandi
Mehmonlarga buyuk Sohibqironning hayoti, sarkardalik mahorati, ulkan davlati haqida so‘zlab berildi.
Davlat rahbarlari Registon majmuasiga ham tashrif buyurdi. Majmuadagi uch muhtasham obida – Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalarining tarixi haqida so‘zlab berildi.
Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi yakunlandi
Shundan so‘ng, Turkmaniston prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlandi.
Qayd etilishicha, Serdar Berdimuhamedovning O‘zbekistonga davlat tashrifi kun tartibining kengligi va erishilgan kelishuvlarning ahamiyatiga ko‘ra ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochgan muhim voqea bo‘ldi.
Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni davlat rahbari kuzatib qo‘ydi.