O‘zbekistonlik o‘quvchi Xalqaro matematika olimpiadasida g‘olib bo‘ldi

Medal sohibi oliy ta’lim muassasasiga test sinovlarisiz, davlat granti asosida qabul qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. O‘zbekistonlik o‘quvchi Xalqaro matematika olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqida Xalq ta’limi vazirligi xabar berdi.
O‘zbekistonlik o‘quvchilar Norvegiyaning Oslo shahrida 6-16 iyul kunlari o‘tkazilgan 63-Xalqaro matematika olimpiadasida ishtirok etdi.
Mazkur olimpiadada dunyoning 106 ta davlatidan 600 nafar o‘quvchi qatnashdi. Unda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Lazizbek Rajabboyev bronza medalini qo‘lga kiritdi.
“Bronza medali uchun o‘quvchi 60 mln so‘m, uning o‘qituvchisi esa 45 mln so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Lazizbek Rajabboyev Qorako‘l Xalqaro matematika maktabi o‘quvchisi hisoblanadi. Belgilangan tartibga ko‘ra, medal sohibi oliy ta’lim muassasasiga test sinovlarisiz, davlat granti asosida qabul qilinadi.