TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida avtotransport vositalariga yonilg‘i quyish uchun ishlatiladigan metan narxini oshirishning obyektiv sabablari yo‘q. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 14-iyulda qabul qilingan 387-son qaroriga ko‘ra, gaz quyish shoxobchalari uchun mahsulotlarni sotish narxlari oshmagan va bir xil darajada saqlanib qolgan. (Bu qaror bilan hukumatning 2022-yil 30-iyundagi 348-sonli qarori bekor qilindi).
“Shu munosabat bilan, AGTKShlarida avtotransport vositalariga yonilg‘i quyish uchun ishlatiladigan metan narxini oshirishning obyektiv sabablari yo‘q”, deyilgan rasmiy izohda.
Shuningdek, xabarda Energetika vazirligi va boshqa davlat tashkilotlari AGTKShlaraning narx siyosatiga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega emasligi, chunki AGTKShlar bozor sharoitida faoliyat yuritishi hamda talab va taklifga qarab narxlarni o‘zlari shakllantirishi eslatib o‘tilgan.
Avvalroq, 15-iyuldan yuridik shaxslar uchun ham elektr va gaz narxi oshirilmasligi haqida xabar bergan edik.