TOShKENT, 14-iyul — Sputnik. Tanzaniya janubida o‘ndan ortiq inson burundan qon ketish alomotlari bilan noma’lum kasallikka chalindi. Bu haqda Citizen mahalliy nashri xabar berdi.
“12 iyul holatiga ko‘ra, noma’lum kasallik aniqlangan bemorlar soni 11 nafar bo‘lib, ulardan 3 nafari vafot etgan”, deydi davlat tibbiy xizmati rahbari Ayfelo Sichvale.
Aytilishicha, epidemiya Lindi viloyatida sodir bo‘lgan. 5-7 iyul kunlari ushbu hududdagi kasalxonalarga isitma, holsizlik, burundan qon ketish va bosh og‘rig‘i alomatlari bilan bemorlar keltirilgan.
Tanzaniya prezidenti Samiya Hasan Suluxuning ta’kidlashicha, kasallik atrof-muhitning buzilishi oqibatlari bilan bog‘liq.
Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlarning yonida yashovchi yovvoyi hayvonlarning ayrim turlari virus tashuvchilar bo‘lishi mumkin.