Shota Rustaveli ko‘chasi to‘liq rekonstruksiya qilinadi

“Grand Mir Hotel” mehmonxonasidan Yangi Sergeli ko‘chasiga qadar 6,5 km yo‘l qismida rekonstruksiya ishlari olib boriladi.
Sputnik
TOShKENT, 14-iyul — Sputnik. Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Shota Rustaveli ko‘chasi to‘liq rekonstruksiya qilinadi. Bu bo‘yicha 13-iyul kuni poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev qaror imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, tumanda joylashgan “Grand Mir Hotel” mehmonxonasidan Yangi Sergeli ko‘chasiga qadar 6,5 km yo‘l qismi rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, obodonlashtirish, drenaj va sug‘orish tizimi, yo‘l bo‘yida piyodalar va velospedchilar yo‘laklarini barpo etish rejalashtirilgan.
Hokimlik huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” kompaniyasi loyihalash va qurilish, ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha buyurtmachi etib belgilandi.
Obyektda amalga oshiriladigan ishlar uchun talab qilinadigan mablag‘ Toshkent shahar mahalliy budjetidan qoplash sharti bilan tijorat banklaridan kreditlar jalb qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shota Rustaveli ko‘chasi obodonlashtirilayotgani ma’lum qilingandi. Ushbu ko‘chada joylashgan Shota Rustaveli haykalini asli saqlangan holda, salobatini yo‘qotmaslik maqsadida 50 smga balandroq ko‘tarish ham rejalashtirilgan.