TOShKENT, 14-iyul — Sputnik. Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (“O‘zatom”), “Rosenergoatom konserni” va “Rosatom texnika akademiyasi” o‘rtasida o‘zaro anglashiluv memorandumi imzolandi.
Ta’kidlanishicha, mazkur hamkorlikning asosiy maqsadlaridan biri O‘zbekistonning milliy yadro infratuzilmasini rivojlantirish va keng ommani yadroviy texnologiyalar va ular bilan bog‘liq yangiliklar bilan yaqindan tanishtirishdan iborat.
Bitim O‘zbekistonda malakali o‘qituvchilarni tayyorlash, Rossiya AESlarining maxsus o‘quv markazlarida amaliyot o‘tashni tashkil etishni nazarda tutadi.
Shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislar Rossiya atom elektr stansiyalariga texnik sayyohatlar uyushtirishlari va keng miqyosdagi simulyator hamda laboratoriyalarga tashrif buyurishlari mumkin.
Memorandumda o‘zbekistonlik mutaxassislarning MAGATE va Rosatom texnik akademiyasining birgalikda amalga oshirayotgan loyihalarida ishtirok etish masalalari ham ko‘zda tutilgan.
Xabarda bu hamkorlik O‘zbekistonga Rosatom Texnika akademiyasidan mamlakat yadro dasturining barcha bosqichlari uchun mutaxassislar tayyorlashda ekspert yordamini olish imkonini berishi qayd etilgan.
Memorandum doirasida avgust oyida o‘zbekistonlik mutaxassislar Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan MAGATEning tadqiqot reaktorlari bo‘yicha maktabida ishtirok etishadi.
Ma’lumot uchun, "Rosatom" ishtirokida Jizzax viloyatida AES qurish 2022-yilda boshlanishi rejalashtirilgan. Uni ishga tushirish 2030-yilga mo‘ljallangan. "Rosatom" davlat korporatsiyasi tomonidan O‘zbekistonda "3+" avlodiga mansub 2ta VVER-1200 reaktoriga ega bo‘lgan AES qurish nazarda tutilgan.