O‘zbekistonlik sportchilar ko‘zi ojizlar o‘rtasidagi shaxmat bo‘yicha JChda qatnashmoqda

Fransiyada bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionati bahslarida O‘zbekistondan ikki nafar sportchi ishtirok etmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 13-iyul — Sputnik. Fransiyaning Kastelnodari shahrida shaxmat bo‘yicha ko‘zi ojizlar va zaif ko‘ruvchi yoshlar hamda ayollar o‘rtasida jahon chempionatiga start berildi.
Unda O‘zbekiston sharafini Axadxon Kimsanboyev hamda Durdona Jumanovalar himoya qilishmoqda.
Ayollar o‘rtasida 18 davlatdan 26 nafar sportchi, yoshlar o‘rtasida esa 13 davlatdan 13 nafar shaxmatchi g‘oliblik uchun dona surishmoqda.
“1-turda Kimsanboyev raqibi shvetsiyalik Toga Joxadson, Jumanova esa portugaliyalik Jozefa Spaychela ustidan g‘alaba qozondi”, deyiladi xabarda.
Aytilishicha, 2-tur o‘yinlarida Axadxon polshalik Michal Rakisga qarshi dona surdi va bu o‘yinda durang qayd etildi. Durdonaga esa indoneziyalik Tita Puspitaga qarshi bahsda omad kulib boqmadi va mag‘lubiyatga uchradi.
3-tur o‘yinlarida Kimsanboyev ispaniyalik San Xuan Santin Aaronga qarshi, Jumanova esa kolumbiyalik Franko Perrizga qarshi dona surishadi.
Musobaqa 17-iyulga qadar davom etadi.