TOShKENT, 12-iyul — Sputnik. BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyani bir ovozdan ma’qulladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Rezolyutsiya O‘zbekiston tomonidan 40 ta mamlakat hammuallifligida ishlab chiqilgan. Uni ishlab chiqish va unda ikki mintaqa muloqotining umumiy yondashuvlari, asosiy prinsiplari va yo‘nalishlarini mustahkamlab qo‘yish tashabbusi Mirziyoyev tomonidan 2021-yil iyul oyida o‘tkazilgan "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar" mavzusidagi Toshkent konferensiyasida ilgari surilgan edi.
Shuningdek, hujjatda prezidentning 2022-yilni Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida "O‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash yili" deb e’lon qilish taklifi yuqori baholangan.