TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. Bahrayn poytaxti Manama shahrida sport kurashlari bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati o‘z yakuniga yetdi. Unda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi musobaqani 13 ta medal bilan tugatdi, deb xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Kecha gilamga chiqqan o‘zbekistonlik kurashchilardan 61 kg vazn toifasidagi Arslan Rahimov mo‘g‘ulistonlik Enxbold Enxbatni 8-2, 92 kg vazndagi Ravshanbek Jumaboyev koreyalik Cha Seo Xunni 10-2 hisobida taslim etdi.
Shu tariqa, erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari Arslon Rahimov (61 kg), Umidjon Jalolov (65 kg), Zafarbek Otaxonov (70 kg) va Ravshanbek Jumaboyev (92 kg) Osiyo chempionatining bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.
Sport kurashlari bo‘yicha yoshlar terma jamoasi musobaqani jami 2 ta oltin, 3 ta kumush va 8 ta bronza medallari bilan yakunladi.