TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida 30 boshdan ziyod qo‘yni noma’lum hayvon bo‘g‘izlab ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat Ekologiya boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Xabarda yozilishicha, 9-iyuldan 10-iyul kuniga o‘tar kechasi tumandagi "Yangirabod" MFYda istiqomat qiluvchi fuqarolarning qo‘y-echkilariga shoqol (chiyabo‘ri) hujum qilgan.
Tuman IIB, tuman veterinariya bo‘limi, tuman SEOM bo‘limi hamda tuman obodonlashtirish bo‘limi mas’ul xodimlari mazkur hodisaning kelib chiqish sabablarini o‘rganishmoqda.
Ayni paytda 15 bosh qo‘y-echki davolanmoqda. Chiyabo‘rini tutish uchun barcha choralari ko‘rilmoqda.