TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. Mudofaa vazirligi Nukusdagi namoyishlar haqida videorolik e’lon qildi. Unda harbiy xizmatchilar o‘sha vaqtda bo‘lgan voqealarni so‘zlab berishdi.
"Qurol ishlatmaslik bo‘yicha buyruq olgandik. Chunki u yerda tinch, oddiy xalq bor edi. Hamma o‘zining doimiy joylashuv joyiga, harbiy qism va postlariga yetib borishi bo‘yicha ‘komanda’ oldik. Shaxsiy tarkibimga zudlik bilan BTR texnikasiga o‘tirishini tayinladim va harakatni boshladik", — deydi BTR ekipaji komandiri Rustam Bobojonov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, uning guruhi 17:30 lar atrofida harakatni boshlagan bo‘lsa, doimiy joylashuv joyiga qarab taxminan 500 metrlar yurgan.
"Doimiy joylashuv joyimizga ketayotgan paytimizda BTR haydovchisi ‘o‘rtoq kapitan, bir kilometrlar uzoqroqda 300—400 nafardan ortiq olomon turibdi, bizning yo‘limizni to‘sapti. Qo‘llarida har xil temir jismlar, armatura, lo‘m, yonuvchi aralashmalari bor’, dedi. Hamma narsaga tayyor turish bo‘yicha ‘komanda’ berdim. Shu payt harbiy qismga aloqaga chiqdim, bizga yordamchi kuch kerak, oldimizdan 300-400, orqamizdan 100-200 olomon yopirilib kelyapti", — deydi kapitan.
Uning aytishicha, odamlar texnikalarga zarba berishni, oynalarini sindirishni boshlagan.
"Asosiy maqsadimiz qoraqalpoq xalqining tinchligini saqlash bo‘lgani sababli o‘sha payt texnikamiz bilan xalqning ustiga bostirib haydamadik. Xalqqa qurol ishlatmadik, ularning birortasining joniga ozor berganimiz yo‘q. Hammasiga chidab, bolalar bilan qasamodga sodiqligimizni isbotladik", — deydi Rustam Bobojonov.
Uning ta’kidlashicha, qoraqalpoq xalqi — tushungan xalq. Ularga o‘sha yovuz kuchlar ta’siriga tushib qolganini ham tushungan. Tushungani uchun ham tartibsizliklar to‘xtadi.
Harbiylarning aytishicha, BTR lyuki metall buyumlar yordamida ochilgan. Ichkarida bo‘lganlar esa kaltaklangan.