Rahimjon Subhonov faoliyatida ilk bor “Katta dubulg‘a” turnirida shohsupaga ko‘tarildi

-66 kg vazn toifasi finalida ishtirok etgan Subhonov hal qiluvchi bellashuvda yaponiyalik Olimpiada chempioni Xifumi Abega qarshi munosib kurashdi.
Sputnik
TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. Vengriya poytaxti Budapeshtda o‘tkazilayotgan dzudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” musobaqasining birinchi kunida o‘zbekistonlik dzudochi Rahimjon Subhonov kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
-66 kg vazn toifasi finalida ishtirok etgan Subhonov hal qiluvchi bellashuvda yaponiyalik Olimpiada chempioni Xifumi Abega qarshi munosib kurashgan, biroq imkoniyatni boy berib qo‘ygan va kumush medal bilan kifoyalangan.
“Shu tariqa, Subhonov faoliyatida ilk bor “Katta dubulg‘a” turnirlarida shohsupaga ko‘tarilmoqda. Bundan tashqari u jahon reytingi uchun 700, Parij-2024 Olimpiadasi yo‘lida 350 ochkoni o‘z hisobiga qo‘yib qo‘ymoqda”, - deyilgan xabarda.
Qayd etilishicha, bungacha Subhonov jahon reytingida 197-pog‘onada joylashgan edi. Uning bugungi kumush medali yangi haftada kuchli 50 talikka kirishi uchun zamin yaratadi.