TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. Professional boksning super yarim o‘rta vazn toifasida harakat qilayotgan o‘zbekistonlik Isroil Madrimov 9-iyul kuni fransiyalik bokschi Mishel Soroga qarshi jang o‘tkazdi.
Londonda bo‘lib o‘tgan jangning dastlabki ikki raundida Isroil Madrimov nisbatan faolroq harakat qildi va ustunlikni o‘z tomoniga og‘dirdi. 3-raund avvalida fransiyalik bokschining qoshi yorilib ketishi natijasida jang muddatidan avval nihoyalandi. 12 raundga mo‘ljallangan bahsda hakamlar texnik durang natija qayd etishdi.
Professional boks qoidalariga ko‘ra, jang 4 raunddan ochgan taqdirda ochkolar hisoblanishi mumkin edi. Jang uchinchi raundda yakunlangani uchun natija bekor qilindi va g‘olib aniqlanmadi.
Eslatib o‘tamiz, Madrimov va Soro 2021-yil dekabrida Toshkentda ilk bor to‘qnash kelgan edi. Jangning 9-raundida gong ovozini eshitmagan Madrimov raqibga bir necha zarbalar yo‘llashi natijasida texnik nokaut qayd etilgan edi. Bundan norozi bo‘lgan Soro jamoasi tashkilotga revansh berilishini so‘rab murojaat qilgandi. WBA Soro jamoasining so‘rovini qabul qilgan va Madrimovga revansh jangida ishtirok etish majburiyatini qo‘ygandi.