TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. "O‘zbekneftgaz" kompaniyasi mamlakatda Ai-80 rusumli avtobenzin narxi to‘satdan qimmatlashishi yuzasidan munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, "O‘zbekneftgaz" AJning Toshkent shahri va viloyatiga qarashli AYoQShlarda 1 litr Ai-80 rusumli avtobenzin narxi 6 800 so‘mni tashkil etgan bir paytda, xususiy AYoQShlarda 7 000 so‘mdan 7 700 so‘mgacha yoki 200 so‘mdan 900 so‘mgacha qimmat narxlarda sotilmoqda.
“Oxirgi kunlarda import qiluvchi korxonalar tomonidan yuqori oktanli avtobenzinning chetdan keltirishini kamayishi natijasida Ai-80 rusumli avtobenzinga bo‘lgan talab ortmoqda”, - deyilgan xabarda.
Respublika iste’molchilariga iyul oyi 7 kunida yetkazib berilgan benzin miqdorini o‘tgan hisobot davriga mos ravishda taqqoslanganda, respublika bo‘yicha 1 193 tonnaga yoki 120 foizga ehtiyoj oshgan bo‘lsa, Andijonda 222 foiz, Toshkent viloyatida 163 foiz, Jizzaxda 155 foiz, Qashqadaryoda 141 foizni tashkil etib respublika ko‘rsatgichidan katta.
Misol uchun, "UNG Petro" MChJ tomonidan iyun oyida o‘rtacha bir kunda 529 tonna sotilgan bo‘lsa, iyul oyiga kelib o‘rtacha bir kunda 611 tonna yoki 82 tonnaga talab oshdi.
Ai-80 rusumli avtobenzinga talab ortishi natijasida 2022-yilning iyul oyida Ai-80 rusumli avtobenzinning birja savdolarida 1 tonna uchun shakllangan narxi 9 366 ming so‘mni tashkil etgan.
2022-oyda ushbu ko‘rsatkich 10 454 ming so‘mni tashkil etib, iyun oyida o‘rtacha shakllangan narxlarga nisbatan 974 ming so‘mga oshgan. Bu esa o‘z navbatida, xususiy AYoQShlar tomonidan sotiladigan Ai-80 rusumli avtobenzin narxi oshishiga olib kelgan.
Hozirgi kunda birja savdolariga qo‘yilayotgan miqdorlar oshirilishi natijasida 1 tonna Ai-80 rusumli avtobenzinning o‘rtacha narxi 9 484 minggacha pasaytirilgan.
Iste’molchilarning 65 foizini "O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan ishlab chiqilgan benzin hisobidan qoplanadi, qolgani boshqa ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilar tomonidan qoplanadi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, "O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan birja savdolariga Ai-80 rusumli avtobenzin 2022-yilning 7-iyul kuni 4 ming tonna, 8-iyul kuni 3 ming tonna qo‘yilgan, Buxoro neftni qayta ishlash zavodini benzin ishlab chiqarish uskunalari 110 foiz quvvatda ishlamoqda.