Toshkentda Eron va O‘zbekiston ishbilarmonlar forum bo‘lib o‘tadi

Forumda ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, tibbiyot, axborot texnologiyalari va oziq-ovqat sanoati kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish kutilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 8-iyul – Sputnik. Toshkentda 19-iyul kuni “Eron-O‘zbekiston fan va texnologiyalar forumi” o‘z ishini boshlaydi.
Aytilishicha, 20-iyul kuni Eronning savdo va texnologiyalar delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyuradi.

“Eron delegatsiyasining tashrifi davomida amalga oshiriladigan maqsadli vazifalardan biri ikki mamlakat o‘rtasida texnologik bilimlar almashinuvi, qo‘shma korxonalarni tashkil etish, investitsiya jalb qilish va sanoatdagi zarur tovarlar hamda ehtiyojlarni ta’minlash hisoblanadi”, deyiladi xabarda.

Forumda Eron delegatsiyalari va O‘zbekiston uyushmalari va tashkilotlari, shuningdek, tijorat, ishlab chiqarish va distributor kompaniyalari o‘rtasida “B2B” sessiyalari o‘tkaziladi.
Qayd etilishicha, uchrashuvlarda qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, tibbiyot, axborot texnologiyalari va oziq-ovqat sanoati kabi yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Ushbu tadbirda ishtirok etish bepul.
Ma’lumot uchun, Eron Islom Respublikasi texnik-muhandislik xizmatlari sohasida ko‘plab imkoniyatlarga hamda bu sohada 40 mlrd dollarlik eksport salohiyatiga ega mamlakatdir.
Hozirgi kunda Eron farmatsevtika mahsulotlarini Rossiya, Turkiya, Iroq, Suriya va boshqa Lotin Amerikasi mamlakatlariga eksport qilmoqda.