TOShKENT, 8-iyul – Sputnik. Qozog‘iston hukumati sentabr oyi oxirigacha bug‘doy, bug‘doy uni, bug‘doy-javdar uni va kungaboqar urug‘lari eksportiga cheklovlar joriy etishga qaror qildi. Bu haqda mamalakat Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo‘mitasi matbuot xizmati tarqatgan hujjatda keltirilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, 30-sentabrga qadar bir qator mahsulotlar eksportiga miqdoriy cheklovlar kiritilgan. Xususan, belgilangan vaqtga qadar uchinchi davlatlar va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlariga 550 ming tonna bug‘doy va meslin (bug‘doy va javdar aralashmasi) hamda 370 ming tonna bug‘doy va bug‘doy-javdar unini eksport qilish mumkin.
Cheklovlar 2022-yil 8-iyuldan 30 sentabgacha amal qiladi.
Qo‘mitaning tushuntirishicha, bu chora-tadbirlar mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy etilmoqda.
Avvalroq, Qozog‘iston Qishloq xo‘jalik vazirligi aprel oyida don va un olib chiqish uchun kvotalar joriy qilgan edi. 15-iyungacha mamlakatdan 1 million tonnadan oshiq bug‘doy yoki meslin, shuningdek, 300 ming tonnadan ko‘p un olib chiqish mumkin emasdi.
Qayd etish kerak, O‘zbekiston bug‘doy va bug‘doy unining katta hajmi (taxminan 90 foizni) Qozog‘istondan import qiladi.