TOShKENT, 8-iyul – Sputnik. Qoraqalpog‘istonda xalqni noqonuniy mitingga chorlab, Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblangan jurnalist Dauletmurat Tajimuratov qamoqqa olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘istonda sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar yuzasidan 2-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi (Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Shakllantirilgan Bosh prokuratura tergov guruhi zimmasiga yuz bergan hodisalarning barcha holatlarini aniqlash, tergov harakatlarini xolisona hamda qonunchilikka qat’iy rioya etgan holda o‘tkazish vazifasi yuklatilgan.
Tergov harakatlari davomida jinoyat ishi bo‘yicha Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida 14 kishi ushlangan.
“Shu jumladan, Tajimuratov D.M. va Turdanov A.T.larga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e’lon qilindi. Ularga nisbatan sudning qarori bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Qallixanova L.O.ning harakatlarida jamoat xavfsizligiga tajovuz qilish jinoyati alomatlari aniqlandi. U jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlandi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, tergovga jalb etilgan fuqarolarning sha’ni va qadr - qimmati hurmat qilinishi, qiynoq, zo‘ravonlik, shafqatsiz yoki inson sha’ni va qadr - qimmatini kamsituvchi harakatlarga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy nazoratga olingan.
Gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarga himoya huquqi to‘la ta’minlangan holda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, saqlash joylarida qonunda nazarda tutilgan barcha sharoitlar ta’minlangan. Sog‘lig‘i va saqlash sharoitlari bo‘yicha e’tirozlari mavjud emas.