O‘z ishimizni qayta ko‘rib chiqishimiz lozim – Narbayeva Nukus voqealari haqida

Tanzila Narbayeva Qoraqalpog‘istondagi voqealarda qurbon bo‘lganlarning oila-a’zolariga hamdardlik bildirdi.
Sputnik
TOShKENT, 8-iyul – Sputnik. Bugun, 8-iyul kuni, Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma sakkizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Yalpi majlis avvalida Senat raisi Tanzila Narbayeva Qoraqalpog‘istondagi holatlarga munosabat bildirdi.

“Qoraqalpog‘istonda ayrim nohush xodisalar sodir bo‘lganidan ham barchangizning xabaringiz bor. Ayrim kuchlarning qanchalik xarakat qilishiga qaramasdan bo‘lib o‘tgan bu hodisalar hech qachon xalqimizning birdamligiga rahna sola olmasligiga guvohi bo‘ldik.

Shu bilan birga sodir bo‘lgan bu holatda hammamiz o‘zimizga to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz va o‘z ishimizni qayta ko‘rib chiqishimiz lozim bo‘ladi”, - deydi Narbayeva.

Senat raisi nutqi davomida prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat rahbari ham bu masalaga alohida e’tibor qaratganini qayd etdi.
“Kuni kecha prezidentimiz huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari ham bu masalaga alohida e’tibor qaratdi. Avvalo bu voqealar barcha masalalar xalq bilan hamnafas tarzda va o‘z vaqtida yechilishiga barcha davlat organlari va idoralarining kuchi va resurlarini jalb qilish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, aholi tomonidan ko‘tarilayotgan muammo va masalaning katta va kichigi bo‘lmaydi. Ularning har birini yechimi muhimdir. Har qanday kichik deb qaralgan masala o‘z yechimini topmagan taqdirda, albatta bir kuni katta muammoga aylanadi. Xalq vakillari sifatida bunday holatga yo‘l qo‘yilmasligi uchun birinchi navbatda biz mas’ulmiz! Muxtasar qilib aytganda, o‘z ishimizni tanqidiy qayta ko‘rib chiqishimiz lozim bo‘ladi”, deya ta’kidladi u.
Tanzila Narbayeva Qoraqalpog‘istondagi voqealarda qurbon bo‘lganlarning oila-a’zolariga hamdardlik bildirdi.
“Fursatdan foydalanib, Qoraqalpog‘istondagi voqealarda qurbon bo‘lgan hamurtlarimizning oila a’zolari va yaqinlariga o‘zim hamda senatorlarimiz nomidan hamdardlik bildiraman va sabr tilayman, shifoxonalarda davolanayotgan fuqarorlarimizga esa tezroq sog‘ayib ketishlarini tilaymiz. Yurtimiz doim tinch va osoyishta, xalqimiz farovon bo‘lsin!", dedi Senat raisi,