TOShKENT, 8-iyul – Sputnik. Makkada Buyuk hajning katta 46-simpoziumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.
“Pandemiyadan keyingi haj: marosimlar va g‘amxo‘rlik" nomli tadbirda Qirollikdan va musulmon olamidan ma’ruzachilar, olimlar, huquqshunoslar va ulamolar ishtirok etishdi.
Bu yilgi Buyuk haj simpoziumi ikki kun davomida sessiyalar, munozaralar va ma’ruzalarni o‘z ichiga oldi.
Qayd etilishicha, bu yilgi haj Sog‘liqni saqlash vazirligining tavsiyasiga binoan 1 million ziyoratchi bilan cheklangan.
Ikki muqaddas masjid ishlari boshqarmasi raisi shayx doktor Abdul Rahmon Al-Sudais Saudiya davlati barcha imkoniyatlarini haj tizimini saqlashga yo‘naltirganini aytib o‘tdi.
Shuningdek, u haj marosimlarini siyosiy shiorlar yoki namoyishlarga aylantirish ta’qiqlangani va hajni insof, adolat va tinchlik belgisi sifatida amalga oshirish kerakligini ta’kidladi.
Saudiya Arabistoni Haj va Umra vaziri Tavfiq ar-Rabia Saudiya rahbariyatining pandemiya sharoitida hajni davom ettirish to‘g‘risidagi qarorini yuqori baholadi.
"Biz 2020-yilda haj marosimlarini o‘tkazmaslikni tavsiya qildik. Biroq, Qirol Salmon ushbu marosimni to‘xtatmaslikka va ziyoratchilar sonini 1000 kishigacha cheklashga qaror qildi. Haj ziyorati esa ziyoratchining xavfsizligini kafolatlovchi barcha ogohlantirish va profilaktika choralariga rioya etilgan holda amalga oshirilib, natijalar dalda beruvchi va ishonchli bo‘ldi", deydi ar-Rabia.
Eslatib o‘tamiz, Saudiya hukumati haj safari narxiga ta’sir qiluvchi qo‘shimcha soliq va majburiy to‘lovlar joriy qildi. “Haj-2022” mavsumi uchun 1 nafar ziyoratchiga to‘lov miqdori 62 million 900 ming so‘m etib belgilangan edi.