Endi taksichilar ham o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar qatoriga kiritiladi

Prezident qarori bilan avtotransport vositalarini boshqarishda va yo‘nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratildi.
Sputnik
TOShKENT, 7-iyul — Sputnik. Bugun prezidentning tegishli qarori bilan avtotransport vositalarini boshqarishda va yo‘nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratildi:
1. 2022-yil 1-sentabrdan boshlab avtomobillarni boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi. Bunda:
- avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi elektron shakldagi ishonchnoma rasmiylashtirilganda, uni notarial tasdiqlash talab etilmaydi;
- elektron ishonchnoma rasmiylashtirilganda davlat boji uning amal qilish muddatidan kelib chiqqan holda - 1 oygacha bo‘lgan muddatga 90 ming so‘m, 6 oygacha bo‘lgan muddatga 450 ming so‘m, 3-yilgacha bo‘lgan muddatga 900 ming so‘m miqdorida undiriladi;
- elektron ishonchnoma davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan faqatgina planshet orqali tekshiriladi.
2. Yuridik shaxslar haydovchilarining ikki yilda bir marta majburiy malakasini oshirish talabi bekor qilinadi.
3. Fuqaro tomonidan o‘zining avtomobilini yo‘lovchi tashish litsenziyasiga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga ijaraga berilganda notarial idoralar tomonidan tasdiqlash talabi bekor qilinmoqda. Ijara shartnomasi soliq organlarida elektron hisobga qo‘yiladi.
4. 2022-yil 1-sentabrdan 2024-yil oxiriga qadar yo‘lovchilarni yengil avtotransport vositalarida tashish faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritilmoqda. Bunda:
– litsenziya varaqasini berishda avtomobilning 10-yillik ekspluatatsiya davriga qo‘yilgan talab bekor qilinadi;
– majburiy tibbiy va texnik ko‘rik muddati 1-yilda 1-marta qilib belgilanadi;
– o‘zini o‘zi band qilgan tashuvchilardan, shu jumladan yuridik shaxslardan litsenziya varaqasi berilganligi uchun davlat boji miqdori 300 ming so‘m etib belgilanadi.