TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. Ziyorat turizmi sohasida katta o‘zgarishlar ketmoqda. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Shahloxon Soliyeva Sputnik muxbiriga so‘zlab berdi.
“2022 yil 21-iyun kuni “Xalqaro Abduxoliq G‘ijduvoniy simpoziumi”ni o‘tkazish bo‘yicha Turkiya tomoni bilan onlayn formatda uchrashuv tashkil etildi.
“Halal in Travel – Global Summit 2022” xalqaro sammitida Samarqand shahri “Yilning islom merosi manzili” va “Yilning eng yaxshi rivojlanayotgan musulmon shahri” mukofoti g‘olibi bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston har yili CrescentRating tomonidan e’lon qilinadigan “World Muslim Travel Index” reytingida kuchli o‘ntalikka kirdi”, - deydi mutaxassis.
2022 yilning 6 oyligida respublika bo‘ylab jami 6 518,4 mln. nafar turistlarning sayohati tashkil etilgan bo‘lib, ulardan 4 866,1 mln. nafari mahalliy, 1 652,3 mln. nafari xorijiy sayyohlarni tashkil etdi.
Bu yil 14-20 iyun kunlarida Indoneziyaning TVRI telekanali vakillari va “Halal Life Style Center” markazi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ziyorat turizmi yo‘nalishida qator loyihalar tayyorlandi.
“Baku shahrida Islom hamkorlik tashkilotining XI sessiyasi doirasida ilk bor O‘zbekiston shaharlaridan biri – Xiva 2024-yil “Islom dunyosining turizm poytaxti” deya e’lon qilindi, mazkur tashabbus islom dunyosida mamlakatimiz mavqeyini yanada ko‘taradi”, - deydi mutaxassis.
2022 yilning may oyida respublikada safari turizmni rivojlantirish maqsadida hududlarda o‘rganish olib borildi va 13 ta hududda istiqbolli 58 ta safari turizm maskanlari ro‘yxati shakllantirildi.
Mutaxassis shu o‘rinda moliyaviy daromadga ham to‘xtalib o‘tdi.
Bir yilda ichki turizmni rivojlantirish loyihasiga ko‘ra mamlakat bo‘ylab umumiy 10 million nafar turistlar kelsa, foyda miqdori 2,1 trillion so‘mni tashkil etadi.
Statistik ma’lumotlarga qarasak, ziyorat turizmiga MDH mamlakatlaridan kelayotgan turistlar soni 2021-yilda jami 1 715 067 nafar tashrif buyurgan bo‘lsa, 2022-yil 6 oy ichida 1 780 347 nafarni tashkil etdi.
Jumladan, Qozog‘istondan o‘tgan yili 565 334 nafar, 6 oyda turistlar soni 534 851 nafarni tashkil etdi. Qirg‘izistondan o‘tgan yili 652 166 nafar, bu yili 6 oy ichida 548 815 nafarga yetgan, Tojikistondan 288 211 nafar, bu yili 493 617, Ozarbayjondan 2 890 nafar, bu yili 3 976 nafarga yetdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, bu yili 6 oy ichida turistlarning tashrifi 2021-yilda bir yillik ko‘rsatkichdan ham oshmoqda.