Avtomaktablar reytingini belgilash tizimi ishga tushadi

Avtomaktablar reytingi haydovchilarga berilgan jarima va ular tomonidan sodir etilgan YTHlar soniga qarab belgilanadi.
Sputnik
TOShKENT, 6-iyul – Sputnik. Bundan buyon avtomaktablar reytingi uning o‘quvchilari tomonidan sodir va yo‘l-transport hodisalariga qarab belgilanadi.
Hukumatning 353-sonli qarori bilan avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlovchi ta’lim tashkilotlarining reytingini aniqlash tartibiga oid nizom tasdiqlandi.
Hujjatda haydovchilarni tayyorlovchi ta’lim tashkilotlarining reytingini aniqlash tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra, reyting baholash quyidagi ko‘rsatkichlar asosida amalga oshiriladi:
bitiruvchilarning haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihon natijalari;
bitiruvchilarning haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgandan keyin, yil yakunigacha yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik hollaridagi jarima ballari;
yil yakunigacha qonuniy kuchga kirgan sud qaroriga asosan ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari aybi bilan sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari soni;
ta’lim tashkilotlarida to‘liq shtatda faoliyat yuritadigan oliy ma’lumotga yoki ilmiy darajaga ega o‘qituvchilarning soni to‘g‘risida ma’lumotlar.
Qayd etilishicha, ta’lim tashkilotlari reytingini baholash indikatorlar asosida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati amalga oshiriladi.
Ta’lim tashkilotlari reytingi quyidagicha toifalarga ajratiladi:
81 balldan 100 ballgacha – “yashil”;
51 balldan 80 ballgacha – “sariq”;
50 balldan past – “qizil”.
Reyting ball ko‘rsatkichlari respublika bo‘yicha yagona shaklda yuritiladi. Yil yakunlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida hisoblab chiqiladi.
Reyting natijalari har yili 25-yanvarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinadi.
Ushbu nizom 1-sentabrdan e’tiboran kuchga kiradi.