Surxondaryo viloyati Rossiyaga karam eksport qilishni ko‘paytirdi

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida fermeri Rossiya bilan 4 mln $ lik shartnoma imzoladi.
Sputnik
TOShKENT, 5-iyul — Sputnik. Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida fermer Juma Boymirov Rossiya bilan 4 mln $ lik shartnoma imzoladi, deb xabar berdi Sputnik muxbiriga tuman matbuot xizmati.
"Rossiya bilan 4 mln $ shartnoma imzoladik. Kelishuv bo‘yicha 2000 tonna qizil lavlagi va 800 tonna karam yetkazib berdik", — dedi Boymirov.
Tadbirkorning aytishicha, joriy yilning o‘tgan davrida xo‘jalik tomonidan 485 ming $lik mahsulot eksport qilindi.
"Eksport qilinayotgan sifatli mahsulotlarimiz Rossiyada talabga ega. Yetishtirilayotgan mahsulotlar tabiiy sharoitda yetishtirilgani, quyosh nurida pishishi bilan ajralib turadi. Kelgusida eksport mahsulotini ko‘paytirishni rejalashtirganmiz", - deydi fermer.
Sho‘rchi tumanidagi “Surxon Agro Gold” MChJga qarashli 10,5 gektar maydonda ekilgan uzum nihollari parvarishlanmoqda. Korxona xodimlari uzum qatorlari orasiga gulkaram, lavlagi (qizilcha) mahsulotlar ekib, Rossiyaga eksport qilishdi.
Eslatib o‘tamiz: Rossiya O‘zbekistonning asosiy savdo sherigi bo‘lib qolmoqda. Joriy yil boshida respublikadan Rossiyaga 346,8 mln $lik mahsulot eksport qilindi.
Rossiyaning 84 ta subyekti O‘zbekiston korxonalari bilan hamkorlik qiladi. 2022-yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 33,8 %ga o‘sib, 3,2 mlrd $ni tashkil qildi.
2021-yil yakuniga ko‘ra O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 32,8 %ga oshib, 7,5 mlrd $ni tashkil etdi.
Rossiya respublikaning umumiy tashqi savdo aylanmasida 17,9% ulushi bilan respublikaning asosiy hamkor davlatlari orasida birinchi o‘rinni egalladi.