Sanksiyalar g‘arbga bumerang bo‘lib qaytmoqda – Yaponiya nashri

Rossiyaga qarshi sanksiyalar energiya va boshqa tovarlar narxining keskin oshishiga olib kelgan, bu G‘arb mamlakatlarida inflyatsiya ko‘rinishida namoyon bo‘lgan.
Sputnik
TOShKENT, 5-iyul – Sputnik. Ukrainadagi maxsus operatsiya tufayli Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalar G‘arb davlatlariga bumerang bo‘lib qaytdi va ularning iqtisodiga zarba berdi. Bu haqda Yaponiyaning Asahi nashri ma’lum qildi.
Maqolada aytilishicha, Rossiyaga qarshi sanksiyalar energiya va boshqa tovarlar narxining keskin oshishiga olib kelgan, bu G‘arb mamlakatlarida inflyatsiya ko‘rinishida namoyon bo‘lgan.
"Rossiya Qo‘shma Shtatlar bilan bir qatorda o‘zini barcha zarur narsalar bilan ta’minlay oladigan kam sonli yirik davlatlardan biridir, shuning uchun iqtisodiy sanksiyalar darhol ta’sir ko‘rsatishini kutish qiyin", dedi "Marubeni" Iqtisodiy tadqiqotlar instituti direktor o‘rinbosari Xiroxiro Enomoto.
Uning fikricha, Moskvaga qarshi choralar darhol natija berishi dargumon.
Mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arb sanksiyalari erkinlik va mustaqillik huquqi uchun to‘lanadigan to‘lov ekanligini aytgan edi. Unga ko‘ra, Rossiyaga qarshi sanksiyalar har qanday holatda ham joriy qilingan bo‘lardi.
Yevropa Rossiya gazining eng yirik eksport yo‘nalishi hisoblanadi. Yevropa davlatlari gaz uchun Moskvaga katta miqdorda pul to‘laydi, bu esa o‘z navbatida rubl qiymatini barqarorlashtirishga yordam beradi.
Avvalroq, Xorvatiyaning Advance nashri G‘arb davlatlarining Rossiya iqtisodini sanksiyalar yordamida yo‘q qilish yo‘li barbod bo‘lgani va Yevropaga bumerang bilan zarba bergani haqida yozgan edi.
Qayd etilishicha, sanksiyalardae eng ko‘p o‘z siyosatini Vashington talablariga bo‘ysundirgan va “uning qalpog‘i ostiga tushgan” Yevropa davlatlari jabr ko‘rgan.