O‘zbekistonda ekotizimni tiklash uchun $ 6 mln ajratiladi

2030 yilga qadar degradatsiyaga uchragan yerlar va yo‘qotilgan o‘rmonlarning 0,5 million gektarini tiklash ishlari olib boriladi.
Sputnik
TOShKENT, 5-iyul – Sputnik. Davlat ekologiya qo‘mitasi va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) o‘rtasida 5,99 mln dollarga teng kelishuv imzolandi.
Kelishuvga ko‘ra, “O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining, yerdan foydalanish va qayta tiklashning ta’siri dasturi” amalga oshiriladi.
Qo‘shma loyihaning asosiy maqsadi degradatsiyaga uchragan ekotizimlar va uning xizmatlarini tiklashga ko‘maklashish, don yetishtirishga asoslangan ekin maydonlariga ilg‘or innovatsion tajribalarini olib kirish va bioxilmaxillikni muhofaza qilishdan iboratdir.
Qo‘shma loyiha doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar:
Tabiatni asrash va tiklash bo‘yicha bioxilmaxillik va yo‘qolib ketayotgan turlarning yashash joylarini tiklash va ekotizim xizmatlarini asrab qolish;
Bioxilmaxillikni saqlash, tanazzulga uchragan yerlar, yuqori tabiiy qiymatga ega ekotizimlarni tiklash bo‘yicha davlat va boshqa manfaatdor tomonlarning bilim hamda ko‘nikmalarini oshirish, shuningdek resurslarni jalb qilish;
Ekotizimlarni saqlash va tiklashda integratsion yer boshqaruvi modellarini ishlab chiqish va bunda hosilning quruqlik, issiqlik, yer eroziyasi, tuzlanishga chidamliligini oshirish;
Global ahamiyatga ega ekotizimlarni iqlim o‘zgarishining ta’sirini kamaytirish va saqlab qolish.
Qayd etilishicha, taklif etilayotgan moliyaviy vositalar 2030-yilga qadar degradatsiyaga uchragan yerlar va yo‘qotilgan o‘rmonlarning 0,5 million gektarini tiklashga qaratilgan.
Qolaversa, cho‘llanish va qurg‘oqchilik ta’siriga uchragan sug‘oriladigan yerlarning unumdorligini oshirish, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq muammolarni yumshatish ham nazarda tutilgan.