Buxoro cho‘lida qadimiy g‘orlar topildi

Ushbu g‘orlarda XII-XIII asrlarda mahalliy aholi tomonidan qurilish materiallari, gususan ganch qazib olingani aniqlandi.
Sputnik
TOShKENT, 5-iyul – Sputnik. Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi cho‘l hududidan mahalliy aholi ko‘magi bilan to‘rtta qadimiy g‘or topildi. Bu haqda viloyat Madaniy meros boshqarmasi Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, boshqarma hamda Fanlar Akademiyasining milliy arxeologiya markazi mutaxassislaridan iborat ishchi-guruh aholi ko‘rsatmasiga asosan, Kogon tumanining cho‘l hududiga qadimgi g‘orlar qoldiqlarini o‘rgangan.
Buxorodagi cho‘ldan qadimiy g‘orlar topildi
G‘orlar cho‘l zonasida yantoq o‘sgan qum tagidagi, sarg‘ish rangli ohaktoshlar qatlami ostidagi pastlikka kirib ketgan. Ularning kirish qismi qumlar va o‘pirilgan toshlar bilan ko‘milib, tashqi ko‘rinishidan, oddiy yo‘lovchilar uchun deyarli bilinmaydi. Ular bir biridan yuzlab metr masofalanib, qandaydir tizim va bog‘lanishi aniqlanmagan.
“G‘orlarning nima maqsadda qurilganini bilish uchun bizni olib kelgan mahalliy yurtdoshimiz bilan ichiga kirish uchun g‘orlarning eng yirigi tanlab olindi. G‘orning ichki qismi qum va o‘pirilgan toshlar bilan bosilganligi sababli egilib, bukilib, asta sekin, to‘liq qorong‘ulikda yoritish jihozlari yordamida 80-100 metr masofa va 10-15 metr pastlikka tushildi. G‘orning ayrim joylari juda tor, ayrim joylari keng, ayrim joylaridan boshqa tomonga ketgan qo‘shimcha yo‘nalishlar ochilgan”, deyiladi xabarda.
Buxorodagi cho‘ldan qadimiy g‘orlar topildi
Aniqlanishicha, g‘orning geologik qatlamlari asosan ohaktoshdan iborat bo‘lgani sababli, g‘or o‘rta asrlar davrida (XII-XIII) mahalliy konchilar tarafidan qazilib yer ostki zahiralaridan juda keng ko‘lamda foydalangan hamda ganch qurilish materialining xomashosi olingan.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, Buxoro shahrining shimoliy-sharqiy tomonlarida qadimiy yuqori sifatdagi ganch konlari mavjudligi, o‘rta asrlarda qurilgan hozirda saqlanib qolgan tarixiy binolarning qurilishida shu konlardan keltirilgan ganch materialidan keng foydalanganligi yozib qoldirilgan. Konlardan keltirilgan dag‘al ganchlar qo‘l mehnati yordamida ezilib, pishirtirilgan va tarixiy binolarni qurishda obi g‘ishtlar orasidagi angaf qorishmasiga qo‘shilgan hamda masjidlarning ichki qismini ganchkorlik san’ati yordamida bezash ishlarida ishlatilgan.
Buxorodagi cho‘ldan qadimiy g‘orlar topildi
G‘orning kengroq qismlarida o‘rta asrlar(XII-XIII asrlar)ga tegishli sopol qoldiqlari, asosan katta va kichikroq suv saqlanadigan ko‘zalar bo‘laklari, shuningdek, qo‘ylar va tuyalar suyaklari topildi. Bu topilmalar g‘orlar ichida odamlar yashaganligi, qanaqadir mehnat faoliyati bilan shug‘ullanganligidan dalolat beradi.
Bundan tashqari, Buxoro–Qarshi avtomobil trassasining 193 km masofasi chekkasida yana bir g‘or ichida tabiiy shishasimon geologik xomashyo ko‘rinishidagi materiallar mavjudligi ham aniqlandi. Ushbu material shishaga o‘xshash bo‘lib, yorug‘likni yaxshi o‘tkazadi hamda o‘rta asrlar davri arxitekturasida keng ishlatilgan.
Buxorodagi cho‘ldan qadimiy g‘orlar topildi
So‘ngi o‘rta asrlar davrida ushbu hududdagi g‘orlardan cho‘ponlik faoliyatini olib borgan mahalliy aholi dam olish va qor-yomg‘irlardan saqlanish maqsadida boshpana sifatida foydalangan. Shuningdek, dushmanlar bostirib kelgan paytlarida yashirinish va o‘z jonini saqlash uchun ham foydalanilgan degan taxminlar ham mavjud.
Ta’kidlanishicha, hozirda, mazkur tarixiy g‘orlarni belgilangan tartibda moddiy madaniy meros obyektlarining Milliy ro‘yxatiga kiritish va davlat muhofazasiga olish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.