TOShKENT, 4-iyul – Sputnik. Nukusdagi ommaviy tartibsizliklar oqibatida 243 nafar shaxsga, jumladan, 38 huquq-tartibot organlari xodimlariga turli tan jarohatlari yetkazilgan, og‘ir tan jarohatlari tufayli 18 nafar fuqaro vafot etgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Bosh prokuratura bo‘lim prokurori Abror Mamatov tomonidan ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, 1-iyul kuni Nukus shahrida bir guruh shaxslar soxta shiorlarni o‘ziga niqob qilib olgan holda, fuqarolarning fikrini chalg‘itib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqardi.
Qonun ustuvorligi va jazo muqararligini ta’minlash uchun mazkur holat yuzasidan 2-iyul kuni Jinoyat kodeksining 159 - moddasi 4 - qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jinoyat ishi yuzasidan tergov hamda tezkor - qidiruv tadbirlari Bosh prokuratura rahbarligida tuzilgan DXX, Bosh prokuratura, IIV, Milliy Gvardiya mas’ul xodimlaridan iborat tergov - tezkor guruhi tomonidan olib borilmoqda.
Tezkor - tergov guruhi faoliyati hamda tergov, tezkor - qidiruv tadbirlari idoralararo tuzilgan alohida Shtab tomonidan muvofiqlashtirib borilmoqda.
Tergovda aniqlanishicha, 2022-yil 1-iyul kuni soat 14-50 larda "Yel xizmetinde” gazetasi muharriri va bloger Dauletmurat Tajimuratov "Telegram” ijtimoiy tarmog‘ining "Makan.uz” kanali orqali videomurojaat yo‘llab, videomurojaatida fuqarolarni joriy yilning 5-iyul kuni soat 17-00 da "Qoraqalpog‘iston Respublikasining ozodligini so‘rab” Jo‘qorg‘i Kenges binosi oldida miting o‘tkazishga da’vat qilgan.
Shundan keyin ijtimoiy tarmoqlar orqali qonunga xilof ravishda miting uyushtirishga fuqarolarni da’vat qilganligi uchun 2022-yil 1-iyul kuni soat 15-30 larda D.Tajimuratov Nukus shahar IIO FMBga olib kelingan va ushlangan.
Bloger D.Tajimuratovning IIB xodimlari tomonidan ushlaganligini bilgan bir guruh shaxslar tartibsizliklar uyushtirib, uni ozod qilishni talab qilib Nukus shahridagi IIVga qarashli 2-sonli tergov hibsxonasiga va Nukus shahar IIO FMBga borishgan va keyinchalik 1-iyul kuni soat 17-30 larda Nukus shahri markazidagi "Markaziy dehqon bozori” MChJ oldidagi avtomobil yo‘lida tartibsizliklar uyushtirishgan.
Shundan keyin D.Tajimuratov Nukus shahar IIO va FMBdan ozod qilinib, chiqarib yuborilgan bo‘lsa-da, D.Tajimuratov va uning tarafdorlari tartibsizliklarni yana davom ettirib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga va hokimiyatni bosib olishga ochiqdan - ochiq da’vat qilishgan.
Shundan so‘ng, 2-iyul kuni soat 14:45 da Nukus tumanidan taxminan 300 nafar shaxs Nukus shahar tomon harakatlanib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, Nukus shahridagi blok postda xizmat olib borayotgan 50 nafar Milliy Gvardiya xodimining maxsus vositalarini (ratsiya, dubinka, kaska, shumovaya granata, shit) qo‘lga kiritgan.
Shu kuni Xo‘jayli tumanidagi harbiy postga noma’lum shaxslar tomonidan xujum uyushtirilib, qurol yaroq tortib olingan, “Nukus xalqaro aeroporti”ga, Nukus shahridagi ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanuvchi Reabilitatsiya markaziga Nukus shahar IIB binosiga hujumlar uyushtirilgan.
Ommaviy tartibsizliklar davomida Nukus shahridagi "Las Vegas" kafesi yonida davlat raqami 40 L 340 QA bo‘lgan MAN rusumli yuk transport vositasi, "Eski shahar"dagi markaziy masjid oldida davlat raqami 01 267 UFA bo‘lgan "KamAZ" rusumli yuk transport vositasi, Shumanay tumanidagi "Ismoilov Jabbor-bergen" fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan vagon yoqib yuborilgan.
Nukus shahar Sport kompleksi yonidagi "Do‘stlik" kanali ko‘prigiga, Nukus shahridagi ko‘plab bino-inshootlar va yo‘l to‘siqlariga ham ko‘plab talofotlar yetkazilgan.