"Sodir bo‘lgan voqealar bizni yanada hushor va sezgir bo‘lishga chaqiradi" — Mirziyoyev

Prezident ommaviy tartibsizlik aybdorlari muqarrar jazoga tortilishini aytdi.
Sputnik
TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan uchrashuvda fuqarolardan jipslashishni, yakdil bo‘lishni so‘radi.
"Dengizning qurigan qismida 1 million 733 ming gektar maydonda yashil hududlar barpo etildi. Orolbo‘yi hududining o‘simlik va hayvonot dunyosini tiklash bo‘yicha besh yillik milliy dastur ishlab chiqilmoqda. Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalasi birinchi marta davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Yuksak xalqaro minbarlardan doimo Orol muammosiga jahon jamoatchiligi e’tiborini qaratib kelmoqdamiz.
To‘liq ishonch bilan aytamanki, Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar bundan buyon ham albatta izchil sur’atlarda davom ettiriladi.
Chunki Qoraqalpog‘istonning taqdiri – bu O‘zbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun o‘zbek xalqining baxti va farovonligidir.
Men hayot sinovlarida toblangan qoraqalpoq xalqining donishmandligiga ishonaman va ularni aql-idrok bilan ish tutishga, turli xil, jumladan, chetdan bo‘layotgan g‘arazli chorlov va harakatlarga aldanmaslik, ularning qurboniga aylanmaslikka chaqiraman.
Ayirmachilikka, ommaviy tartibsizliklarga, hokimiyat organlariga zo‘ravonlik yo‘li bilan qarshilik ko‘rsatishga da’vat etadigan har qanday harakatlarga amaldagi qonunchilikka muvofiq keskin chora ko‘riladi, aybdorlar esa muqarrar jazoga tortiladi.
Aminmanki, Qoraqalpog‘istonning mehnatkash, donishmand, olijanob va bag‘rikeng eli mana shunday murakkab davrda o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari taqdirining birligi va yaxlitligiga, og‘izbirchiligiga asoslangan muqaddas qadriyatlarini bundan buyon ham ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab yashaydi.
Sodir bo‘lgan voqealar bizni yanada hushor va sezgir bo‘lishga chaqiradi. Bugun jonajon O‘zbekistonimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash uchun, farzandlarimiz va nabiralarimizning yorug‘ kelajagini ta’minlash uchun metin iroda, jipslik va yakdillik har qachongidan ham zarurdir", degan davlat rahbari.
"Fursatdan foydalanib, men O‘zbekistonni o‘z ona Vatani deb biladigan barcha vatandoshlarimizga, muhtaram otaxon va onaxonlarimizga, qadrli aka-uka va opa-singillarimizga, aziz farzandlarimizga murojaat qilib aytmoqchiman.
Hech kimga sir emas, hozirgi vaqtda dunyoning turli mintaqalarida o‘zaro shafqatsiz raqobat, millatlararo va dinlararo ziddiyatlar, separatizm, millatchilik, radikalizm kabi tahdidlar tobora kuchayib bormoqda.
Ana shunday tahlikali vaziyatda mamlakatimizda yashayotgan turli millat va dinga mansub insonlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, go‘zal diyorimizda barqaror va bardavom taraqqiyotni ta’minlash, xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini, uning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirish barchamizning, avvalo, rahbar va mutasaddilarning nafaqat vazifasi, balki muqaddas insoniy burchidir.
Biz faqat mana shu yo‘l bilan bugungi kunning barcha tahdid va xavf-xatarlariga munosib javob berishimiz, turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi jamiyatimizda, avvalo, yoshlarimiz qalbida mustahkam immunitet yaratishimiz, xalqimizning xohish-irodasi bilan tanlangan demokratik islohotlar yo‘lidan ortga qaytmasdan yanada samarali natijalarga erishishimiz mumkin.

Barchamiz uchun Vatan bitta. Bizni yagona, ulug‘ bir maqsad birlashtiradi. U ham bo‘lsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligidir.
Biz Yangi O‘zbekiston va Yangi Qoraqalpog‘istonni barchamiz birgalikda albatta barpo etamiz.
O‘z hayoti davomida tarixning ko‘p-ko‘p mashaqqatli sinovlarini mardona yengib o‘tgan azmu shijoatli, olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan mana shunday buyuk maqsadlarga albatta erishadi, deb ishonaman", dedi davlat rahbari so‘zining yakunida.