TOShKENT, 2-iyul – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi fuqarolarning noqonuniy namoyishlari yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Joriy yilning 1-iyul kuni soat taxminan 15.00 lardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar, respublikamizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilishlari oqibatida, kutilmaganda ko‘cha yurishlarini tashkil qilib, Nukusning Markaziy dehqon bozorida to‘planib, namoyishlar uyushtirishgan.
Mazkur holat yuzasidan, jamoat tartibini buzilishini oldini olish hamda fuqarolar tomonidan turli tartibbuzarliklarni sodir etishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, dehqon bozori hududiga huquqni muhofaza qilish organlarining kuch va vositalari jalb etilgan.
Hozirda jamoat tartibi tiklanib, fuqarolarning qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari va barcha murojaatlari o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilishi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2022-yilda konstitutsion islohot o‘tkazilmoqda. Uning doirasida amaldagi Konstitutsiyaga bir qator o‘zgarishlar kiritish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadda Konstitutsion komissiya tuzilgan va kelib tushgan takliflar asosida O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilishi belgilangan o‘zgarishlar ro‘yxati ishlab chiqilgan edi. Ushbu o‘zgarishlarni tadbiq etish uchun konstitutsiyaviy qonun loyihasi ishlab chiqilgan va u, umumxalq muhokamasi uchun, 25-iyun kuni "Xalq so‘zi" va "Narodnoe slovo" gazetalarida hamda Meningkonstitutsiyam.uz elektron platformalari orqali e’lon qilin edi. Muhokama 5-iyulga qadar davom etadi.