UzAuto ishlab chiqarish bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi

Kompaniya o‘z faoliyatini boshlaganidan buyon, birinchi marta 6 oyda 160 ming avtomobil ishlab chiqarildi.
Sputnik
TOShKENT, 1-iyul – Sputnik. “UzAuto Motors” kompaniyasi prezident topshirig‘ini bajarib, shu yilning birinchi yarim yilligida 160 000 dona avtomobil ishlab chiqardi.
“Korxona mehnat jamoasi ishlab chiqarishning yangi rekordini o‘rnatdi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, kompaniya birinchi yarim yillikda nafaqat rekord miqdordagi avtomobil ishlab chiqardi, balki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 72 foizga ko‘p avtomobillarni xaridorlarga yetkazib berdi.
Shuningdek, kompaniya Chevrolet Lacetti va Cobalt avtomobil modellarini kutish muddatini qisqartirgan. Yaqin orada Chevrolet Tracker va Onix Tracker va Onix avtomobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
“Kompaniya bunday yuqori natijalarga butun jamoaning sa’y-harakati, birdamlik va hamjihatlilik bilan qilgan mehnati hamda yuqori darajadagi tashkilotchiligi sababli erishdi”, deydi xodimlarni boshqarish direksiyasi direktori Ilhom Tairov.
Kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, 160 000 – bu kimlardir uchun shunchaki raqam bo‘lishi mumkin. Ammo xodimlar ushbu raqamlar ortida qanday investitsiya, qanday mashaqqat va qanday mehnat borligini bilashadi.