TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. “Uzbekistan GTL” zavodida O‘zbekiston neft va gaz-kimosi sanoatining tarixida ilk bor sintetik yoqilg‘i mahsulotlari ishlab chiqarishni boshladi.
Zavodda ishlab chiqarilgan 5 ming tonna miqdoridagi sintetik dizelning birinchi partiyasi Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga yuboriladi.
“Zavodning asosiy ishga tushirish ishlari, shu jumladan 11 mingga yaqin uskuna va asosiy ishlab chiqarish qurilmalarini sinxron ishlashini ta’minlash, shuningdek, ularni to‘liq nazorat qilish va boshqarish Uzbekistan GTL zavodining mahalliy muhandislari va yosh mutaxassislari tomonidan mustaqil ravishda amalga oshirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, ushbu zavodda yiliga 3,6 mlrd. metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, 1,5 mln tonna tayyor suyuq mahsulotlar ishlab chiqariladi. Jumladan, 307 ming tn aviakerosin, 724 ming tn dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Uzbekistan GTL” zavodida sintetik neft ishlab chiqarila boshlangandi.