TOShKENT, 29-iyun - Sputnik. Rossiyaning SWIFT muqobiliga 70ta xorijiy bank qo‘shildi, dedi Rossiya Banki rahbari Elmira Nabiulina.
"Dunyoning 12 mamlakatidan 70ta xorijiy bank Rossiyaning SWIFT muqobiliga qo‘shildi. Ayrim hamkorlar Rossiya tizimiga qo‘shilgani uchun sanksiyalar ostida qolishdan xavotirda, shu sababli Rossiya MB ularning ro‘yxatini e’lon qilmaydi", - dedi Nabiulina.
SWIFT - AQSh tomonidan nazorat qilinadigan banklararo axborot almashuv tizimi bo‘lib, dunyoning aksariyat banklari pul o‘tkazmalar haqidagi ma’lumotlarni ushbu tizim orqali yuboradi.
Rossiya banki tomonidan ishlab chiqilgan banklararo axborot almashuv tizimi - SPFS (Sistema peredachi finansovix soobsheniy) deb nomlanadi.
Ma’lumot uchun, 14-iyundan boshlab Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Sberbank, Rosselxozbank va Moskva Kredit Banki (MSB) kabi yirik banklarini SWIFT tizimidan uzdi.
Bundan oldin esa VTB, Rossiya va Otkritie banklari, Novikombank, Promsvazbank, Sovsombank va VEB.RF SWIFT xalqaro to‘lov tizimidan uzilgan edi.
Kredit tashkilotlarining ta’kidlashicha, tizimdan uzilish ularning ishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, chunki ular bunday rivojlanishga oldindan tayyorgarlik ko‘rishgan.