Toshkentdagi Shota Rustaveli haykaliga o‘zgartirish kiritiladi

Haykalni asli saqlangan holda, salobatini yo‘qotmaslik maqsadida 50 smga balandroq ko‘tarish rejalashtirilgan.
Sputnik
TOShKENT, 28-iyun — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasida joylashgan Shota Rustaveli haykali olib tashlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasi matbuot xizmati izoh berdi.
Qayd etilishicha, “Shota Rustaveli” Monumental san’at yodgorligi XX asrga oid bo‘lib, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan.
“Hozirda ushbu ko‘cha obodonlashtirilmoqda. Madaniy meros agentligining Ilmiy ekspert kengashi tomonidan loyihaga ruxsat berilgan. Unga asosan haykalni asli saqlangan holda, salobatini yo‘qotmaslik maqsadida 50 smga balandroq ko‘tarish uchun vaqtinchalikka olinmoqda”, deyiladi xabarda.
May oyida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Shota Rustaveli haykali atrofidagi xiyobonning rekonstruksiya qilinishini ma’lum qilgan edi.