TOShKENT, 28-iyun — Sputnik. 2-iyul kuni Tashkent City bog‘ida “Libos: go‘zallik, iffat va madaniyat” shiori ostida Shosh-fest – ayollar modasi festivali bo‘lib o‘tadi.
“Tadbir doirasida 300 nafar qiz ishtirok etadigan katta kelinlar paradi bo‘lib o‘tadi. Paradni barcha xoxlovchilar ko‘rishi mumkin", deydi Nozima Xaitmetova.
Milliy liboslar va nikoh ko‘ylaklari nafaqat mahalliy modelyerlar, balki Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkiyadan kelgan dizaynerlar tomonidan ham namoyish etiladi.
Aytilishicha, g‘oliblarni saralash jarayonida liboslardagi milliylik va zamonaviylik uyg‘unligiga e’tibor qaratiladi.
Ishtirokchilar ishlariga professional dizayner va modelyerlar, tarixchi va san’atshunoslar, to‘qimachilik va yengil sanoatining yetuk mutaxassislaridan tashkil topgan hakamlar hay’ati baho beradi.
Shuningdek, festival doirasida zargarlik buyumlari ko‘rgazmasi ham o‘tkaziladi. Shosh-fest megafestivalining yakuniy bosqichi 7-iyul kuni bo‘lib o‘tadi.
Loyiha direktori Nozima Xaitmetova Sputnik muxbiriga ma’lum qilishicha, bunday festivalni har yili o‘tkazish rejalashtirilmoqda.