Rossiyadagi xalqaro musobaqada O‘zbekiston chavandozlari g‘olib bo‘ldi

O‘zbekiston terma jamoasiga tegishli tulporlar 125, 145 va 150 smga muvaffaqiyatli sakray oldi.
Sputnik
TOShKENT, 28-iyun — Sputnik. Rossiyada ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqaning eng asosiy yo‘nalishi-150 sm balandlikdagi to‘siqlardan tashkil topgan Gran-pri dasturida Bekzod Qurbonov g‘olib bo‘ldi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Rossiyada ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha an’anaviy "Maxima Masters CUP Eurasia" va "Maxima Masters Eurasia Team Competition" musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Turnirda mazkur sport turidagi Yevrosiyo ligasi tarkibiga kirgan 11 jamoa qatnashdi.
Qizg‘in kechgan bellashuvlarning jamoaviy dasturida O‘zbekiston terma jamoasi mezbonlardan so‘ng ikkinchi pog‘onaga ko‘tarildi.
Bahslarda O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev boshchiligida Bekzod Qurbonov, Nurjan Tuyakbayev, Umid Kamilov, Xurshidbek Alimjonov kabi chavandozlar ishtirok etdi.
125 smni tashkil etgan to‘siqlardan o‘tish bellashuvida Bahromjon Gaziyev “Lady” tulporida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Balandligi 145 sm bo‘lgan bahsda Nurjan Tuyakbayev oltin medal sohibi bo‘ldi.
Musobaqaning birinchi bosqichi 18-23 aprel kunlari Toshkentda, ikkinchisi bosqichi esa 12-16 may kunlari Bishkekda bo‘lib o‘tdi. Kuzda Barselonada musobaqaning final bosqichi o‘tkaziladi. Unda butun dunyodagi eng kuchli 18 jamoa ishtirok etishi kutilmoqda.