Nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun yangi imkoniyat taqdim etildi

Nogironlik bo‘yicha imtiyoz ma’lumotlarini kiritish jarayonlari DTM saytida amalga oshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 28-iyun — Sputnik. Davlat test markazining my.dtm.uz saytida nogironlik bo‘yicha imtiyoz ma’lumotlarini kiritish imkoniyati yaratildi.
Aytilishicha, nogironligi bo‘lgan abituriyentlarning nogironlik bo‘yicha ma’lumotlari Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining bazasi – “TMEK” dasturidan real vaqt rejimida olinmoqda.
“Ayrim abituriyentlarning ma’lumotlari dasturdan real vaqt rejimida kelmayotgani sababli imtiyoz ma’lumotlarini kiritish jarayonlari DTM saytida amalga oshiriladi”, deyiladi xabarda.
Agar abituriyentning nogironlik bo‘yicha ma’lumotlari “Mening imtiyozlarim” bo‘limida chiqmasa, hujjatlar “Nogironlik to‘g‘risida ma’lumotnoma” bo‘limiga kiritiladi.
Ko‘zi ojiz abituriyentlarning ma’lumotlari kiritilganda “Ko‘zi ojiz” belgisini tasdiqlash kerak bo‘ladi.
Kiritilgan ma’lumotlar Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasiga yuboriladi. Ma’lumotlar tasdiqlangan abituriyentlarning imtiyozi inobatga olinadi.
Eslatib o‘tamiz, oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni ro‘yxatga olish my.dtm.uz sayti orqali amalga oshirilmoqda.