O‘zbekistonga toza energiyani tatbiq etuvchi loyiha amalga oshiriladi

Loyiha doirasida maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash sohalarida 800 dan ortiq muassasani modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.
Sputnik
TOShKENT, 27-iyun — Sputnik. Jahon bankining 143 mln $ miqdoridagi imtiyozli krediti ko‘magida “O‘zbekistonda binolar uchun toza energiya” loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki guruhiga a’zo bo‘lgan Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi O‘zbekistonga past foiz stavkasida imtiyozli moliyalashtirishni taqdim etmoqda. Kredit 30-yilga, jumladan, besh yillik imtiyozli davr bilan beriladi.
“Ushbu loyiha mamlakatdagi energiya tejash va energiya samaradorligini oshirishga investitsiyalarni jalb qilish uchun bozor rag‘batlarini yaratishda muhim rol o‘ynash uchun mo‘ljallangan”, deyiladi xabarda.
Loyiha mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi.
Uning doirasida maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash sohalarida 800 dan ortiq muassasani modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.