Osiyolik chempion Shahzod Ro‘ziohunovning rejasi aniq bo‘ldi

Bishkek shahrida erkin yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha o‘smirlar (U 17) hamda yoshlar (U 23) o‘rtasidagi Osiyo chempionatida hamurtimiz Shahzod Ro‘ziohunov oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Sputnik
23 iyun kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida erkin yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha o‘smirlar (U 17) hamda yoshlar (U 23) o‘rtasidagi Osiyo chempionatida hamurtimiz Shahzod Ro‘ziohunov oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Chempion Azii po greko-rimskoy borbe Shaxzod Ruzioxunov
“To‘g‘risi g‘alabadan umid uzib turgandik, kurashchilar charchab qolishgandi. Lekin Shahzod kurash yakunlanishining oxirgi soniyalarida bitta usul bilan eronlik raqibi Farzad Balutakini mag‘lubiyatga uchratdi. Men yig‘lab yubordim”, deydi murabbiy Valijon Jonxo‘rozov.
Samarqand viloyati Toyloq tumani Olimpiya zaxiralari kolleji 9-sinf o‘quvchisi Shahzod Ro‘ziohunov yunon-rum kurashi bo‘yicha 45 kg vazn toifasida Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Endilikda u 23-27 iyul kunlari Italiyaning Rim shahrida o‘tkaziladigan Kurash bo‘yicha U-20 Yevropa chempionatida ishtirok etadi.

Ishonch

“Biz hozirda Rimda bo‘lib o‘tadigan chempionatga katta tayyorgarlik ko‘rapmiz. Shahzoddan umidimiz katta. Uning g‘alabasi biz murabbiylarni ham yutug‘idir. Kelgusida kollej o‘quvchilari orasidan ko‘plab Osiyo va jahon chempionlarini chiqaramiz”, - deydi faxr bilan murabbiy.
Chempion Azii po greko-rimskoy borbe Shaxzod Ruzioxunov
Samarqand viloyati Toyloq tumani Olimpiya zaxiralari kolleji direktori Qurbonov O‘tkir chempion o‘quvchisi haqida so‘zladi:
“Kollejning barcha o‘quvchisi meni shogirdlarim, shuningdek Shahzod ham. Shogirdim kurashda g‘olib bo‘lganidan juda ham xursandman. Aeroportda o‘g‘lini kutib olgan onasining ko‘zidagi yoshni ko‘rib men ham juda ta’sirlanib ketdim. Shahzod xalqaro bellashuvda ham faxrli o‘rin olib qaytishiga ishonaman”, deydi direktor.

Kuchli hayajon

“G‘alabaga yetish oson bo‘lmadi. Raqibim ancha kuchli edi, lekin men kurashayotganda onamni, akam va singlimni, murabbiylarimni ko‘z oldimga keltiraverdim. Soniyalar tugab borayotgandi, bor kuchimni sarflab raqibimni yiqitdim. Kuchli hayajondan o‘zim ham baqirib yubordim”, - deydi yunon-rum kurashi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempioni Shahzod Ro‘ziohunov.
Kurashchi oldindagi chempionatga tayyorlanayotganini, o‘ziga bildirilayotgan yuksak ishonchni oqlashga harakat qilishini alohida ta’kidladi.
Shahzod Ro‘ziohunov finalga qadar koreyalik Xan Ujin (8-0), yaponiyalik Tayga Kishida (6-0), qozog‘istonlik Shingizxan Abdixalimovni (3-2) mag‘lubiyatga uchratgan.