Eng yaxshi material mualliflariga pul mukofoti beriladi

Eng yaxshi material yozgan jurnalist 50 baravargacha moddiy rag‘batlantiriladi, “Oltin qalam” milliy mukofoti g‘olibiga esa avtomobil beriladi.
Sputnik
TOShKENT, 27-iyun — Sputnik. OAVda e’lon qilingan 100 tagacha eng yaxshi material uchun mualliflar pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Bu haqda 27-iyun kuni prezident tomonidan imzolangan qarorda nazarda tutilgan.
1 iyuldan boshlab 2025-yil 1-iyulga qadar:
OAV foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi. Reklama xususiyatiga ega bo‘lgan OAV bundan mustasno.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan matbaa uskunalari, zamonaviy foto va radiotelevizion uskunalar hamda qog‘oz bojxona bojidan ozod etiladi.
2023 yildan boshlab:
Tegishli davlat organlari va tashkilotlari hamda boshqa muassasalarga 110 nusxa davriy bosma nashrlar va 67 nusxa kitob mahsulotlarining majburiy bepul nusxalarini yuborish amaliyoti bekor qilinadi. Ular tomonidan bosma mahsulotlarni xarid qilib olish tartibi joriy qilinadi.
2022 yil 1-oktabrdan boshlab:
Bolalar uchun mo‘ljallangan tele- va radiomahsulotlarni ishlab chiqarish va efirga uzatish bo‘yicha har yili eng yaxshi 30 ta loyiha uchun har biri bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravarigacha miqdorda bo‘lgan tanlov e’lon qilinadi.
Faol jurnalistlarni muntazam rag‘batlantirish va ular o‘rtasida ijodiy sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida har chorakda:
ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan 100 tagacha eng yaxshi material uchun mualliflar (ijodiy guruh a’zolari) quyidan yuqoriga o‘sib borish tartibida bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
amaliy va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan 100 tagacha eng yaxshi tahliliy materialni tayyorlashva e’lon qilish uchun davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi.
Eng yaxshi materiallarni keng jamoatchilik va malakali mustaqil ekspertlar tomonidan ochiq va shaffof usulda elektron aniqlash tizimi – maxsus elektron platforma ishga tushiriladi.
“Oltin qalam” milliy mukofoti
2023 yildan boshlab “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindorlari uchun:
bosh milliy mukofot uchun – avtomobil;
birinchi o‘rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari;
ikkinchi o‘rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 175 baravari;
uchinchi o‘rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari;
12 ta rag‘batlantiruvchi nominatsiyaning har biri uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
2022 yil 1-sentabrdan boshlab:
OTMda jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim beradigan professor-o‘qituvchilarning mualliflik ko‘rsatuv va eshittirishlari hamda yirik tahliliy maqolalari ularni moddiy rag‘batlantirish nuqtayi nazaridan ilmiy maqolaga tenglashtiriladi.
OAV tahririyatlari, nashriyotlar, matbaa korxonalari va axborot xizmatlarida kamida besh yil ishlagan hamda ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida dars berayotgan, faxriy unvonlariga ega bo‘lgan shaxslar mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlariga ko‘ra professor va dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lgan shaxslarga tenglashtiriladi.
Oliy ta’lim muassasalari rektorlariga jurnalistika sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlash jarayoniga OAVning taniqli va tajribali xodimlarini, sohaning yetuk mutaxassislarini jalb qilish va ular mehnatini OTMning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha rag‘batlantirish huquqi beriladi.
Qolaversa, 2023–2024 yillarda 50 nafar jurnalist va tahririyat xodimlari xorij mamlakatlariga malaka oshirish, tajriba o‘rganish, stajirovka o‘tash va nufuzli media tadbirlarda ishtirok etish uchun yuboriladi. Ular uchun xorijlik malakali mutaxassislar jalb etilgan holda o‘quv kurslar tashkil etiladi.