TOShKENT, 26-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda pensiya tayinlashda yana bir qo‘shimcha hujjat talab etish bekor qilindi.
Endi O‘zbekiston fuqarolaridan yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalarini tayinlash jarayonida oila tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar talab etilmaydi. Bu haqda Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, jamg‘arma tomonidan fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, shuningdek, davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan talab etiladigan hujjatlarni bosqichma-bosqich qisqartirish maqsadida Adliya vazirligi va Pensiya jamg‘armasi ma’lumotlar bazalari o‘rtasida axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu axborot almashinuvi orqali davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolarning oila tarkibi to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlari avtomatik tarzda shakllantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Endilikda pensiya tayinlashda nikoh, ajrim va farzand tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari va ularning nusxalari talab etilmaydi.