Novgorod viloyatida II jahon urushida halok bo‘lgan o‘zbekistonlik askar jasadlari topildi

Novgorod viloyatida Ikkinchi jahon urushi davrida halok bo‘lgan 4 nafar o‘zbekistonlik askar jasadlari topildi
Sputnik
TOShKENT, 26-iyun — Sputnik. Bosh konsulxona xodimlari Novgorod viloyatida Ikkinchi jahon urushi davrida halok bo‘lgan 4 nafar o‘zbekistonlik askar jasadlarini qayta dafn etish marosimida qatnashdi, deb xabar berdi "Dunyo" AA.
Novgorod viloyati, Demansk tumani, Lichkovo qishlog‘ida "Lichkovo" qidiruv otradi tomonidan Ikkinchi jahon urushi vaqtida vafot etgan jami 44 nafar jangchilarning qoldiqlari aniqlangan. Ular orasida Qoraqalpog‘istonda 1913-yilda tug‘ilgan Alambergem Shalambayev, 1906-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan Nikifor Losev, 1917-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan Targumbay Mintayev va 1904 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan Sultan Rasulevning jasadlari ham bor. Tashrif davomida o‘zbekistonliklarning xoki hurmat-ehtirom bilan qayta dafn etildi.
Marosimda mahalliy okrug ma’muriyati rahbarlari, tuman kengashi deputatlari va jurnalistlar qatnashdi. Askarlarning yorqin xotirasiga hurmat belgisi sifatida ularning yodgorlik peshtoqiga gulchambar qo‘yildi va Qur’on tilovat qilindi.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari, shuningdek, Yaroslav Mudriy nomidagi Novgorod davlat universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ayni vaqtda ushbu oliy bilim yurtida 20 nafardan ortiq o‘zbekistonlik talabalar bakalavr va magistr yo‘nalishlarida tahsil olmoqda.