TOShKENT, 25-iyun - Sputnik. O‘zbekistonda 25-iyundan 3-avgustgacha bo‘lgan qirq kunlik davr "chilla" yoki "saraton" deb ataladi va odatda ushbu davr yillning eng issiq mavsumidir.
Yozda qizigan cho‘llar ustida yuqori haroratli va namligi kam bo‘lgan tropik havo massalari shakllanadi, bu yozning o‘rtalarida bulutli, quruq va issiq ob-havoni belgilaydi.
25-29 iyun kunlari O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan issiq havo kirib kelishi sababli maksimal havo harorati 40-42° gacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 43-45° gacha ko‘tariladi.
O‘zbekiston aholisi qadimdan jazirama issiqdan qanday himoyalanishni bilgan bo‘lsada, issiq kunlarda o‘zini tutishning asosiy qoidalari haqida biz sizga yana bir bor eslatib o‘tamiz.
Quyoshda uzoq vaqt qolmaslikka harakat qiling, ayniqsa kunning o‘rtasida. Agar bu ilojisi bo‘lmasa, tanani va boshni to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlaridan himoya qilishga harakat qiling.
Ko‘p suyuqlik iching, muzlatgichdan muzli ichimliklar emas, balki iliq suv yoki eng yaxshisi ko‘k choy iching.
Ko‘proq meva, sabzavotlarni iste’mol qiling. Juda achchiq va yog‘li ovqatlarni ite’mol qilmaslikka harakat qiling. Sovutish moslamalari bilan jihozlanmagan do‘konlardan mahsulotlarni xarid qilmang - ular quyoshda qancha vaqt bo‘lganini bilmaysizku.
Konditsionerli xonada bo‘lganingizda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sovuq havo oqimi tagida o‘tirmang va konditsionerni 18 darajadan past bo‘lmagan haroratga "dasturlang".
Yurak-qon tomir kasalliklari bor insonlar dori-darmonlarni qabul qilish bo‘yicha shifokor bilan maslahatlashishlari kerak.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston hududida 100-yildan ortiq davr mobaynida olib borilayotgan meteorologik kuzatuvlar davomida eng issiq harorat aksariyat hududlarda 44-46° gacha, Qizilqum cho‘lida 47° gacha, respublikaning eng janubida 48-49° gacha ko‘tarilgan.