TOShKENT, 25-iyun - Sputnik. Bugun maxsus samolyotda Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan O‘zbekistondan jo‘natilgan 74 tonna insonparvarlik yordamini Kobulga olib klindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Sherzod Ibragimov.
Samolyot bortida oziq-ovqat mahsulotlari, birlamchi zarur predmetlar va dori-darmonlardan iborat insonparvarlik yordami davlatimiz rahbarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev boshchiligidagi delegatsiya tomonidan yetkazildi.
Ma’lumot uchun, 22-iyun kuni Afg‘onistonning Paktika va Xost viloyatlarida kuchli zilzila sodir bo‘lgan edi. Zilzila oqibatida ko‘plab inshootlar buzilgan, mingga yaqin fuqaro qurbon bo‘lgan edi.
Ushbu tabiiy ofatdan so‘ng O‘zbekiston hukumati qo‘shni Afg‘onistonga hamdardlik bildirib, Afg‘oniston xalqiga har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini ma’lum qilgan edi.
Shuningdek, xalqaro kanallar va boshqa davlatlardan Afg‘oniston uchun olib kelinayotgan insonparvarlik yordamini yetkazib berish oson va qulay bo‘lishi uchun Termizda xalqaro logistika markazi tashkil qilish to‘g‘risda prezident qarori imzolangan edi.